Bolaga yaxshi parvarish, qarov kerak. Farzandining sog‘lom unib-o‘sishi uchun ota-ona qanchalik mas’ul bo‘lsa, tibbiyot xodimlari zimmasida undanda katta mas’uliyat bor.
Immuniteti past, atrof-muhitdagi turli mikrob va bakteriyalarga nisbatan to‘liq immunitet hosil qilib ulgurmagan bolajonlarimiz tez-tez shamollaydi, gripp yuqtiradi...Ana shunday paytda shifokor maslahatiga ehtiyoj sezamiz. Bolalar o‘rtasida turli xil tug‘ma va orttirilgan kasalliklar ham borki, ularda jiddiy muolaja o‘tkazishga, jarrohlik amaliyotlarini qo‘llashga to‘g‘ri keladi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari qatori bolalar tibbiyotiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkent pediatriya tibbiyot institutida anesteziologiya, reanimatsiya va intensiv terapiyaning milliy xizmati jarrohlik aralashuv imkoniyatlari kengaytirildi. Operatsiyadan keyingi asoratlar va o‘limni sezilarli darajada kam aytirishga erishildi.

Toshkentda Markaziy Osiyoda yagona shifo maskani – Bolalar milliy tibbiyot markazi qurib, foydalanishga topshirildi. Yuqori texnologiyalar asosida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan markazda ko‘plab noyob jarrohlik amaliyotlarini bajarish yo‘lga qo‘yildi.
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan “Bolalar anesteziologiyasi-reanimatologiyasi va intensiv terapiyasida yangi texnologiyalar” mavzuidagi ilmiy-amaliy xalqaro konferensiyada ana shular haqida so‘z yuritilib, mamlakatimizda bolalar tibbiyotiga bo‘lgan e’tibor e’tirof etildi.
Ixtisoslashtirilgan viloyatlararo kardiojarrohlik, neonatal xirurgiya, gemodializ va transplantatsiya bilan uronefrologiya va boshqa markazlarda anesteziologiya, reanimatsiya va intensiv terapiya xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, og‘ir jarrohlik kasalliklarining operativ va anestetik xavfini kamaytirishga erishilmoqda.
Mazkur markazlar zamonaviy yuqori texnologiyali behushlik va nafas olish apparatlari, bemorning hayotiy faoliyatini nazorat qiluvchi asbob-uskunalar bilan ta’minlanmoqda.
Laringeal niqoblar, bakterial filtrlar, invaziv bo‘lmagan ventilyatsiya, past oqim va past oqimli behushlik va boshqalar qo‘llanila boshlandi. Zamonaviy anesteziologiya va reanimatsiyaning yangi texnologiyalari va usullarini joriy etishda ham muayyan o‘zgarishlar ro‘y berdi.
Shoshilinch tibbiy yordam markazlari, ixtisoslashtirilgan markazlar va oliy o‘quv yurtlari klinikalari negizida ilmiy xodimlar va kafedralar ishtirokida hududiy behushlik usullari joriy etildi. Anesteziologiyada, shu jumladan pediatriyada markaziy mintaqaviy blokadalarni kiritish davom ettirildi.

– Bularning barchasi anestetik asoratlar va o‘limni sezilarli darajada kamaytirishga, bemorning operatsiya stolida xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi, – deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bolalar anesteziologiyasi va reanimatologiya kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari doktori Anvar Yusupov. – Konferensiyada sohaga yanada samarali va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash borasida xorijlik hamkasblarimiz bilan fikr almashdik, bilim va tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashdik.
Konferensiya ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi. Bolalar milliy tibbiyot markazida seminar-treninglar tashkil etiladi, jarrohlik operatsiyalari o‘tkaziladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA