Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
17:34 / 2025-11-28

FOTOREPORTAJ

Jizzax viloyati prokuraturasi tashabbusi bilan “Muntazam tekshiruv – farzandingiz sog‘ligiga g‘amxo‘rlik qilishda muhim qadamdir” shiori ostida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Tadbir Mirzacho‘l va Zarbdor tumanlaridagi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab oldi.

Mirzacho‘l tuman Markaziy poliklinikasida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikka qo‘shni Do‘stlik, Arnasoy, Paxtakor va Zafarobod tumanlaridan ham bolalar jalb etilib, ular chuqur tekshiruvdan o‘tkazildi.

– Bugungi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka Samarqand viloyatidan ham bir guruh professorlar taklif etildi, - deydi Mirzacho‘l tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Sodiq Bobobekov. – Tumanimizda 50 mingga yaqin aholi yashaydi, shundan 18 yoshgacha bo‘lganlar 2 ming nafarga yaqinni tashkil etadi. Ularga zarur tibbiy xizmat va maslahatlar berildi. Qo‘shni tumanlardan kelgan fuqarolar uchun maxsus avtotransport vositalari jalb etildi.

– Bugungi ko‘rikka ikki nafar farzandimni olib keldim, - deydi Shoxida Shodmonova. – Nevropatolog ko‘rigidan o‘tdik. Xulosalar yaxshi chiqdi. Biz bundan juda xursandmiz. Har bir ona uchun farzandining sog‘lom bo‘lishi katta baxt. Davlatimiz tomonidan tashkil etilayotgan bunday tibbiy ko‘riklarda faol qatnashib turish kerak, deb hisoblayman.

[gallery-26472]

Zarbdor tumanidagi oilaviy poliklinikada 1-maktab-internatining 150 nafarga yaqin imkoniyati cheklangan bolalari hamda 3-umumta’lim maktabining 150 nafardan ziyod o‘quvchisi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, Sharof Rashidov, Zomin, Yangiobod, G‘allaorol, Baxmal va Zarbdor tumanlaridagi bolalar ham mazkur jarayonga jalb etildi.

Ikki kun davom etgan tekshiruvlar davomida 6 ming 250 nafardan ziyod bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Jarayonda bolalarning umumiy sog‘ligi, surunkali xastaliklari, o‘sish va rivojlanish holati chuqur o‘rganildi. Tashhislar asosida shifokorlar ota-onalarga tegishli tavsiyalar berdi. Davolanish yoki jarrohlik amaliyotiga muhtoj bolalar esa qo‘shimcha nazoratga olinib, keyingi bosqichdagi davolanish muassasalariga yo‘naltirildi.

Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA