Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bolalarni jinsiy zo‘ravonliklardan himoyalash, bolalar tasvirlangan pornografik mahsulotlarni saqlaganlik uchun javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga voyaga yetmagan guvohlarni so‘roq qilish muddatlarini aniq belgilovchi o‘zgartirishlar kiritilyapti. Unga ko‘ra, voyaga yetmaganlarni jabrlanuvchi yoki guvoh sifatida so‘roq qilish muddatining davomiyligi 1 kun etib belgilanyapti. Shu bilan birga, bu jarayonda ularga javobgar shaxslar ham birgalikda ishtirok etishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
[gallery-25447]
Mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasi majlisida ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida mas’ul qo‘mita tomonidan fraksiyalar, ishchi guruh a’zolari, huquqshunos va olimlar ishtirokida bir qator yig‘ilishlar, seminarlar o‘tkazildi. Berilgan takliflar chuqur tahlil qilinib, ular asosida hujjat matni takomillashtirildi.
Nazarda tutilayotgan normalar bolalarning huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlanib, qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA