English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar tashkiloti vakillari Belarus Respublikasida tajriba almashdi
10:31 / 2021-09-30

Mamlakatimizdagi 20 yillik tajribaga ega, bolalar bilan ishlashda yetakchi tashkilot – "Kamalak" bolalar tashkiloti o‘z faoliyati va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar bilan ishlashda erishgan ijobiy natijalarini xorij hamjamiyatiga taqdim etish, shuningdek, xalqaro forumda ishtirok etish maqsadida Belarus Respublikasida xizmat safarida bo‘lishdi.

"Yetakchilarning harakat qilish vaqti keldi" shiori ostida tashkil etilgan III xalqaro yetakchilar forumida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Indira Xoldorova va Samarqand viloyati "Kamalak" bolalar tashkiloti koordinatori Nigina Murodova  ishtirok etdi. 1969 yilda tashkil topgan, maydoni 76 gektardan iborat “Zubryonok” bolalar sog‘lomlashtirish milliy markazida Belarus Respublikasining eng namunali 300 nafar yetakchisiga 3 kun davomida xorijiy spikerlar va mentorlar tomonidan bilim-tajriba ulashildi.

Jumladan, mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari Indira Xoldorova ham bolalar va yoshlar tashkilotlari faoliyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, fidoyi, vatanparvar va xalqsevar yoshlarni tarbiyalashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlarga to‘xtaldi.

Alohida e’tirof etish kerakki, Belarusda 3 mingdan ziyod davlat maktabi bor, har bir maktabda esa pedagog-tashkilotchi shtati mavjud. Shu bois, bolalarda sardorlik yaxshi rivojlangan, bu mutaxassislar ta’lim muassasasida BRPO sardorlari bilan ishlaydi, maktab davridan boshlab bolalarda ijtimoiy faollikni shakllantirish va to‘g‘ri kasb tanlashiga ko‘maklashadi.

Forum doirasida “Xalqaro bolalar klubi”ning a’zolari ishtirokida “Bolalar tashabbusi – kelajakka yo‘l: bolalar tashkilotlarining samarali tajribasi” mavzusidagi konferensiya ham bo‘lib o‘tdi. Belarus ta’lim vazirining o‘rinbosari Aleksandr Kadlubay, O‘zbekiston “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Indira Xoldorova, “Zubryonok” oromgohi direktori Nadejda Gennadiyevna va Belarus pioner tashkiloti rahbari Aleksandra Gancherova yetakchilar bilan birgalikda ochiq muloqot o‘tkazishdi. Muloqot davomida yetakchilar faoliyatini samarali tashkil etish, ularning malakalarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida fikr-mulohazalar yuritildi.  

Bundan tashqari, O‘zbekistondagi boshlang‘ich tashkilot yetakchilari uchun Belarusda, Belarusdagi yetakchilar uchun esa O‘zbekistonda o‘quv tashkil etgan holda xalqaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik masalalari kelishib olindi.

Mazkur forum bolalar tashkilotlari vakillari orasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi tajriba orttirish va yorqin loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Marjona Jo‘raqulova,

Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti faoli.

O‘zA