Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar shifoxonasiga yangi uskunalar keltirildi
11:51 / 2024-01-03

Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi jamoasi yangi yilni yaxshi yangilik bilan boshladi.

18 o‘rinli reanimatsiya bo‘limiga markazning o‘z mablag‘i hisobidan qo‘shimcha 10 ta yangi zamonaviy kardiomonitor keltirildi. Bir vaqtning o‘zida yurak urishi, qon bosimi,  harorat, saturatsiya singari muhim ko‘rsatkichlarni nazorat qilish imkonini beradigan bu uskunalar bemorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratdi. Endi bo‘limdagi mazkur turdagi tibbiy uskunalar soni 20 taga yetdi.

Ma’lumot uchun: viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyatida yakunlangan 2023 yil yutuqlarga boy bo‘ldi. 475 o‘rinli, 18 ta bo‘lim faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur markazda shu yilda bolalar kardioxirurgiyasi bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bu yo‘nalishda 50 dan ortiq jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.  

Shuningdek, bajarilgan lazerli endourologik operatsiyalar va boshqa yo‘nalishdagi yuqori texnologiyali amaliyotlar aholining uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilmoqda.  

Shifoxonada o‘tgan yili bir qator qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, xususan, markazda bunyod etilgan zamonaviy kutish zali bemorlarning yaqinlari uchun ayni muddao bo‘ldi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri