Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar quvonchiga to‘ldi oromgoh
14:40 / 2022-06-13

Sirdaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasiga qarashli "Zomin" sog‘lomlashtirish oromgohi "Qo‘riq" qishlog‘ida joylashgan.

Uning qurilgani va foydalanishga topshirilganiga uncha ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q.

O‘quvchilarning mazmunli hordiq chiqarishi, bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazishi uchun oromgohda maxsus dastur ishlab chiqilgan.

– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida oromgohda dam olayotgan bolalar o‘rtasida ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalari, interfaol bellashuvlar o‘tkazilib, ingliz, rus va koreys tili, mental arifmetika, tasviriy san’at va badiiy ijodga oid to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan, – deydi "Zomin" bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi rahbari Abdulaziz Shavkatov. – Joriy mavsumda oromgohga bolalar 6 bosqichda qabul qilinib, jami 1250 nafar, 6 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan dam oluvchi qamrab olinadi. Ayni vaqtda, oromgohda Guliston shahridagi "Ideal" o‘quv markazining 250 nafar o‘quvchisi dam olmoqda.

– Bolalar salomatligiga jiddiy e’tibor qaratyapmiz, – deydi Guliston shahar ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi shifokori, neyrotravmatolog Shuhrat Qilichev. – Bu ularni, sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishida muhim. Ota-onalarning ham ko‘ngli xotirjam.

Oromgoh ishga tushishi natijasida bu maskanda 20 nafar doimiy, 35 nafar mavsumiy ish o‘rni tashkil etilgan. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tez tibbiy yordam va o‘t o‘chirish guruhi, ichki ishlar, Sirdaryo viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi mas’ul xodimlarining uzluksiz navbatchiligi tashkil etilgan.

– Yoshim o‘nda, – deydi Sirdaryo tumanining "Dehqonobod" mahallasida yashovchi, "Ideal" o‘quv markazining 3-sinf o‘quvchisi Shodibek Ahtamqulov. – Bu yilgi yozgi ta’til juda maroqli o‘tyapti. Sababi, birinchi bor yozgi oromgohda, tabiat qo‘ynida hordiq chiqaryapman. Sport o‘yinlari va musobaqalar tashkil etilyapti, yangi do‘stlar orttiryapman.

Oromgohda haftaning har bir kuni alohida nomlanib, o‘quvchilarga kun mavzusiga oid bilimlar berib borilmoqda. Bu kabi tadbirlar dam oluvchi bolajonlarga birdek yoqyapti.

– Bolalarni shod, quvnoq yelib-yugurishlarini ko‘rib bolaligim yodimga tushdi, – deydi "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i, pediatr Yulduz Usmonova. – Biz, bolajonlar salomatligi uchun asqotadigan vitaminlar kompleksini keltirdik. Bu mavsum davomida bolalar salomatligini asrashda, zarur vaqtlarda tibbiy yordam ko‘rsatishda yordam beradi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA