Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar, o‘smirlar va ota-onalar uchun innovatsion axborot platforma ishga tushirildi
16:52 / 2022-09-28

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, hukumat idoralari va mobil aloqa operatori bilan hamkorlikda «Yaxshi narsalar interneti» deb nomlangan platforma ishlab chiqildi.

Shu munosabat bilan AOKAda tashkil etilgan matbuot anjumanida YUNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jofri Ijunba, Sog‘liqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Sevara Ubaydullayeva, Xalq ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Qahramon Almardonov, IIV Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Lochinbek Atoyev, YHX xizmati axborot xizmati xodimi Madina Abdujalilova ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, bu veb-resursning yaratilishi bolalar, o‘smirlar, ota-onalarning sifatli, xavfsiz, xolis va foydali axborotdan erkin foydalanishini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.

Platforma «Ruhiy salomatlik», «Ta’lim», «Sog‘liqni saqlash», «Inson huquqlari», «Yo‘l harakati xavfsizligi» kabi dolzarb masalalar bo‘yicha zarur tushunchalarni o‘z ichiga oladi. Mazkur innovatsion loyiha internetdan foydalanish imkoniyati cheklangan, bunga sharoiti yo‘q aholi qatlami uchun keng maydon bo‘lib, o‘ziga xos «ko‘prik» vazifasini bajaradi.

Platformadan foydalanish mutlaqo bepul. Masalan, qaysidir o‘smir yoshdagi yigit yoki qizning internetga kirish uchun mablag‘i yo‘q, shunday vaziyatda ular platformadagi ma’lumotlarni bemalol bepul yuklab olishi mumkin.

Platforma o‘zbek, rus, qoraqalpoq tillarida faoliyat ko‘rsatib, uning kontentini boyitish ustida bosqichma-bosqichma ishlar olib borilmoqda. Hozirga qadar unga joylashtirilgan ma’lumotlar nafaqat matn, balki infografika ko‘rinishida, video formatda, o‘smirlar tiliga yaqin tilda, qulay uslubda taqdim etilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi, YUNISEF ekspertlari, volontyorlar yordamida platforma kontentini to‘liq o‘rganib chiqish ishlari yakuniga yetdi. Ushbu innovatsion platformadan bugundan boshlab foydalanish mumkin.

M.Qosimova, O‘zA