Kanadaning Monreal shahrida bo‘lib o‘tgan 24-Xalqaro OITS bo‘yicha konferensiya (AIDS-2022)da 2030 yilga kelib bolalar o‘rtasida OITSga barham berish uchun yangi global ittifoq tuzilishi e’lon qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi - YUNEYDS ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda OIV bilan yashayotgan bolalarning faqat 52 foizi hayot uchun zarur davo muolajasini oladi. Bu miqdor antiretrovirus dorilarning to‘rtdan uch qismi, ya’ni 76 foizini qabul qiladigan kattalarga nisbatan ancha kam.
“Bolalarni davolash bo‘yicha o‘sish sur’ati pasayishi, kattalar va bolalarga ko‘rsatiladigan yordam hajmidagi tafovut ortib borishidan havotirga tushgan YUNEYDS, YUNISEF, JSST va boshqa hamkorlar birgalikda global ittifoq tuzdi.
Bundan ko‘zlangan bosh maqsad kelajakda OIV bilan yashayotgan har bir bolani zaruriy davo muolajasi bilan ta’minlash, chaqaloqlarga OIV yuqishi bilan bog‘liq yangi holatlarning oldini olish hisoblanadi.
Mazkur tuzilma BMT idoralaridan tashqari fuqarolik jamiyati harakati, OIV bilan yashayotgan insonlar global tarmog‘i, ushbu muammodan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlar hukumati, shuningdek, xalqaro hamkorlar, jumladan, AQSH Prezidentining OITSga qarshi kurash bo‘yicha favqulodda rejasi va Global jamg‘armani birlashtirgan.
Birinchi bosqichda ittifoqqa o‘n ikki davlat - Angola, Kamerun, Kot-d'Ivuar, Kongo Demokratik Respublikasi, Keniya, Mozambik, Nigeriya, Janubiy Afrika, Tanzaniya, Uganda, Zambiya va Zimbabve qo‘shildi.
JSST ma’lumoti asosida
G. Abdullayeva tayyorladi.
O‘zA