Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar oromgohida “Vatanparvarlik kuni”
16:54 / 2025-07-09

Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi “Shifokor” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Vatanparvarlik kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi DXX chegara qo‘shinlariga qarashli Buloqboshi tumanidagi harbiy qism rahbariyati tashabbusi bilan bolalar oromgohida tashkil etildi. Unda so‘z olganlar mamlakatimizda yosh avlodni Vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, Qurolli Kuchlarimiz salohiyati, harbiy kasb mas’uliyati, mashaqqati hamda Vatan himoyasi muqaddas burch ekanligi haqida gapirdi.

Bolajonlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, dam olish kunlarini yanada mazmunli o‘tkazishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan tadbir ularda unutilmas taassurot qoldirdi, – deydi harbiy qism zobiti Boburjon Oltiboyev. – Qolaversa, tadbir yoshlarimizning chegara qo‘shinlari, milliy armiyamiz va uning kuch-qudratiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.

Tadbir davomida qurol-aslahalar namoyishi, harbiylarning qo‘l jangi va boshqa ko‘rgazmali chiqishlari, bolajonlar bilan o‘tkazgan muloqot va suhbatlari, ayniqsa, harbiylar tomonidan ijro etilgan yurtni madh etuvchi qo‘shiqlar bolalarning ona Vatanga muhabbat va sadoqatini yanada mustahkamlashga, harbiy burchga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qildi.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari