Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar ombudsmanining ma’ruzasi tinglandi
10:19 / 2025-02-25

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani)ning 2024 yilda bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan rioya etilishi holati to‘g‘risidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

Mazkur ma’ruza Bolalar ombudsmanining Oliy Majlis palatalariga taqdim etadigan birinchi ma’ruzasi bo‘lib, unda mamlakatimizda bola manfaatlarini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan islohotlar, jumladan, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasi, “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonunchilik xujjatlarining amalga oshirilishi, davlat organlari shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bola huquqlariga oid xalqaro standartlar va milliy qonunchilikka rioya etish holati bo‘yicha ma’lumotlar aks etgan.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilning fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularning buzilgan huquqlarini tiklashga doir faoliyati “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2024 yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 1064 ta murojaat kelib tushgan. Bu 2023 yilga nisbatan solishtirganda, murojaatlar salmog‘i 2,4 baravarga oshganini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, Bola huquqlari bo‘yicha vakil bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, bolaning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan norma ijodkorligi faoliyatiga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Xususan, 2024 yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan 46 ta qonunchilik hujjatlari loyihalari ko‘rib chiqilib, bola huquqlari sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar yuborilgan.

Deputatlar so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat bola huquqlari sohasida ham o‘zining samarali ifodasini topayotganini alohida qayd etdilar. Shundan kelib chiqib, Bolalar ombudsmanining 2024 yildagi faoliyati haqidagi ma’ruzasini bir ovozdan ma’qulladi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA