Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar ombudsmanining huquqiy maqomini belgilovchi qonun loyihasi ishlab chiqildi
15:44 / 2021-09-16

Mamlakatimizda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, bolalar huquqlari va imkoniyatlarining tengligini ta’minlash, bola huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish, bola huquqlariga oid xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va qonunchilikni takomillashtirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi hamda “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlovchi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan mazkur qonun loyihasini dastlabki tarzda ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri, deputatlar, Ichki ishlar, Adliya, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim vazirliklari, Bosh prokuratura, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi mas’ullari hamda OAV xodimlari qatnashdi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, qonun loyihasida bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari va mansabdor shaxslarga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshirishi, Bolalar ombudsmani Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan besh yil muddatga saylanishi, Bolalar ombudsmani lavozimiga nomzod Oliy Majlis palatalari ko‘rib chiqishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritilishi to‘g‘risidagi normalar o‘z aksini topmoqda.

Shuningdek, loyihada Bola huquqlari bo‘yicha vakilning arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqishi, bola huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning ayrim jihatlariga e’tiborni kuchaytirish zarur bo‘lganda vakil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasiga huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus ma’ruzalar taqdim etishi belgilanyapti.

– Mazkur qonun loyihasi bilan Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatining huquqiy asoslari belgilanmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh A’zamova. – Xususan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish, inson huquqlari, jinoyat-ijroiya sohalaridagi qonunchilikni o‘rgangan holda Bolalar ombudsmanining ushbu yo‘nalishdagi faoliyati qonuniy asoslarini belgilash bo‘yicha alohida moddalar kiritilmoqda. 

Bolalar ombudsmanining huquqiy maqomini belgilovchi mazkur qonun loyihasi O‘zbekistonda bolalar manfaati uchun eng ma’qul yo‘lni tanlash prinsipini ro‘yobga chiqarishga va bolalar huquqlarini hurmat qilish madaniyatini shakllantirishga xizmat ko‘rsatuvchi samarali parlament institutining paydo bo‘lishiga asos bo‘ladi. Shuningdek, mamlakatimizda bolalarning huquq va erkinliklari, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Qonun loyihasi dastlabki bosqichda qizg‘in muhokama qilinib, takomiliga yetkazish maqsadida tegishli idora va tashkilotlarga xulosa olish uchun yuborildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA