Katta yoshli odamlar o‘z huquqlari, manfaatlari uchun kurashayotgan payt bolasining huquqini negadir unutib qo‘yadi.
Misol uchun, ona turmush o‘rtog‘idan ajrashsa, ko‘p hollarda bolaning o‘z otasini yaxshi ko‘rishi, uni ko‘rib turishi kerakligini xayoliga ham keltirmaydi. Boz ustiga, onalar bolani otasiga qarshi qayrashdan ham qaytmaydi. Bu bilan hali juda nozik bo‘lgan bola qalbini chilparchin qiladi.
Bir qarashda bular sezilmaydi, ammo bu yerda nafaqat bolaning huquqi buziladi, balki uning ruhiyati bitmas jarohat oladi. Bu jarohat esa uning kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.
Bu misolni bejiz keltirmadik. Chunki Bolalar ombudsmani – Bola huquqlari bo‘yicha vakilga kelib tushayotgan murojaatlarning ko‘pchiligi buzilayotgan oilalardagi bolalar huquqlari bilan bog‘liq.
– Joriy yilning birinchi yarmida 325 murojaat kelib tushdi, – deydi Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova. –Murojaatlarning aksariyati voyaga yetmagan bolalarning aliment olish huquqi, birga yashamaydigan ota-ona o‘rtasida bolaning yashash joyini belgilash borasidagi nizo, shar’iy nikohdagi ayollar va ularning bolalarining manfaatlari bilan bog‘liq. Sud qarorlarining ijro etilmayotganidan norozilik, bolaning turar joyga bo‘lgan huquqi ta’minlanmayotgani kabi holatlar ham uchrab turibdi. Sudlarda bolaning fikrini inobatga olish, bolalarning xohishiga qarshi birga yashamaydigan ota yoki ona bilan yashash belgilanganidan noroziligiga doir masalalar ham bor.
Barcha murojaatlar ombudsman tomonidan to‘liq nazoratga olingan. 48 murojaat idora va tashkilotlar tomonidan qanoatlantirilgan. 189 murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil bola huquqlariga oid qonunchilikni aholiga tushuntirish, qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlarni to‘ldirish, bolalarning manfaatlari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazish bilan bir qatorda bolalar bilan bog‘liq yuqoridagi kabi murojaatlarga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.
Har bir murojaatni ko‘rib chiqish asnosida bola uchun yaxshi shart-sharoit va muhitni ta’minlashga harakat qilinmoqda.
Mamlakatimizda xalq bilan muloqotning samarali mexanizmi yaratilgani tufayli Bolalar ombudsmani ham aholi bilan ochiq muloqot va shaxsiy qabullarni amalga oshirmoqda.
Fuqarolarimiz bilan yuzma-yuz muloqotlar davomida esa bolalar bog‘liq muammolar nafaqat aniqlanib, balki ularning kelib chiqish sabablari tahlil qilinib, ularni bartaraf etish, oldini olishga qaratilgan sa’y-harakatlar tegishli idora va tashkilotlar bilan birga amalga oshirilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA