Bolalar hayotimizni yangi mazmun boyitadigan, qolaversa, uni davom ettiradigan bebaho ne’matdir.
Garchi, bola bir ota-onadan tug‘ilib, faqat ularga tegishli bo‘lsada, biroq u jamiyatdan ayro emas. Ya’ni, har bir bola dunyoga kelar ekan, u jamiyatning yangi a’zosiga aylanadi, uning hayoti, haq-huquqlari qonun bilan himoya qilinadi.
Ammo, afsuski, ayrim ota-onalar bolasiga mulk sifatida qaraydi. Undan mulkdan foydalangandek istagancha yoxud bilganimcha foydalansam, deydi. Ayniqsa, bolani ayab o‘tirmaydiganlar borligi juda achinarli.
Bolasini urib, so‘kayotgan ota yoki onaga kimdir tanbeh berib qolsa, “nima ishingiz bor, o‘z bolamku”, deydiganlar topiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda eridan alamini olish uchun bolasini ayovsiz kaltaklayotgan noshukr ayollar paydo bo‘layotgani hech kimga sir emas.
Kuni kecha xonadonlardan biri hovlisida yosh bolani ayovsiz kaltaklayotgan ayol aks etgan video tarqaldi.
Holat bo‘yicha zudlik bilan Namangan shahar ichki ishlar bo‘limi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘limi, Yangi Namangan tumani ichki ishlar bo‘limi tezkor tergov guruhi voqea joyida hozir bo‘lgan.
Ushbu holat Bolalar ombudsmani tomonidan ham nazoratga olindi.
Aniqlanishicha, 2023 yil 4 noyabr kuni Yangi Namangan tumani, “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘ini Islomobod ko‘chasida yashovchi fuqaro K.X. yashash xonadonida o‘z farzandi, 2013 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan S.M.ni qattiq kaltaklagan.
Mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, voyaga yetmagan S.M.ning olgan tan jarohati yuzasidan tegishli tartibda sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Hozirda Namangan shahar ichki ishlar bo‘limi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘limi tergov bo‘linmasi tomonidan fuqaro K.X.ning harakatlariga huquqiy baho berilishi yuzasidan tegishli tartibda tergov, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmanining qayd etishicha, bolalarga nisbatan o‘z ota-onalari tomonidan ham bunday muomalada bo‘lish qonunan taqiqlanadi. Unutmang, bolaning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati qonun himoyasidadir.
N.Abduraimova, O‘zA