Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar oilalarga tegishli, Mehribonlik uylariga emas
12:51 / 2022-03-12

Mehribonlik uyida har xil taqdirli bolalar bor.

 Ularning ko‘pchiligi ota-onasi vafoti sababli shu dargohga keltirilgan. Har bir bola oilaviy muhitda va farovonlikda yashashga va tarbiyalanishga haqlidir. Bugun qarovsiz qolgan bolalarni oilalarga joylashtirish masalasi juda dolzarb vazifalardan biri sanaladi.

«OTA-ONAM O‘ZARO KELISHMAY, AJRASHIB KETISHGAN»

Chilonzor tumanida joylashgan A.P.Xlebushkina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Nigora Rahimjonovaning qalb kechinmalariga quloq tutdik.

– Bilasizmi, ota-onaning bu dunyodagi eng katta bebaho ne’mat ekanligini ko‘pchilik tengdoshlarimdan ko‘ra, men yaxshiroq, chuqurroq his qilaman. Ammo ularning mehri, ular bilan birga yashashning zavqi haqida biror tushunchaga ega emasman...

Otaning poyiga, onaning quchog‘iga bosh qo‘yganda qalb nimalarni his qilar ekan? Biz uch farzandmiz. Opam, akam va men. Ota-onam ajrashib, ikki tomonga ketgandan so‘ng, biz go‘daklar buvijonimning qaramog‘iga o‘tdik. 6 yoshga to‘lganimda kuch-quvvatdan qolgan buvim bizni Mehribonlik uyiga topshirdi. Biz ota-onasiz, oilasiz yashashga asta-sekin ko‘nika boshladik.

14 may 6 yoshga to‘lgan kunim to‘satdan otam bizni yo‘qlab keldi. Quvonchimning cheki yo‘q edi. Otam meni tabriklashga keldi, deya xursandchilikdan ko‘chaga otildim. Bola bo‘lsam ham, otamdan sovg‘a kutmagan edim. Yuragimda bitta istak, meni otam bag‘riga bosib quchoqlashlariga butun borlig‘imni berishga tayyor edim. Afsus, tug‘ilgan kunim otamning hatto esida ham yo‘q ekan. O‘sha kuni otam nega kelganlarini sababini bilmayman. Ammo, o‘sha tug‘ilgan kunim ham, otam ketganlaridan so‘ng xonamga yugurib kirib, yostig‘imga boshimni qo‘yib yig‘laganim ham hamon esimda. Shundan keyin men na otamni, na onamni qaytib ko‘rmadim.

Maktabga chiqdim. Muvaffaqiyatlarga boy qiz edim. O‘z ustimda ishlardim. Lekin, tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan kunim yana yuragimdagi dard yangilanardi. Telefon orqali o‘zining erishgan natijalarini ota-onalariga aytib, maqtanayotgan tengdoshlarimni ko‘rsam, ichimdan zil ketardi.

Mehribonlik uyida o‘tgan bolaligimdan nolimayman. Garchi tengdoshlarimiz qatori bolalik zavqini to‘la his qila olmagan bo‘lsakda, davlatimiz bizga barcha sharoitlarni tuhfa etdi. Och qolmadik, yupun yurmadik. Boshpanamiz bor edi. Lekin dunyoda moddiyat bilan o‘lchanmaydigan, harakat vositalari bilan ifodalanmaydigan narsalar ham bor ekan. U yerda o‘sgan har bir bola har tongni bitta orzu bilan ottirgan. Bugun bizni kimdir bag‘riga olarmikin?

Bugun yangi hayot boshlash arafasida turgan qizman. O‘z hayotimdan, boshdan kechirganlarimdan kelib chiqib, shunday xulosaga kelganman. Hech qachon, har qanday vaziyatda ham farzandidan voz kechadigan ona bo‘lmayman. O‘zimga o‘z ota-onamdek shafqatsiz bo‘lmaslikka va’da berganman.

Dilfuza Jo‘rayeva, A.P.Xlebushkina nomidagi 22-Mehribonlik uyi direktori:

– Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan, har qancha yaxshi sharoitda yashayotgan bolalarning yegani oldida, yemagani ketida bo‘lsa ham, baribir uyimga, ota-onamga ketaman, deydi. Chunki oiladagi muhitni, ota-onaning mehrini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Afsuski, bugun ko‘pchilik anglab yetmayotgan bir haqiqat bor. Unutmaylik, ota-onalarning farzandlari ustida haqlari bo‘lgani kabi farzandlarning ham ularning ustidan bir qancha haqlari mavjud.

 Bir haqiqatni tan olish lozim. Aslida muammoning ildizi Bolalar uylarining mavjudligida bo‘lgan. Mutaxassislar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, institutlashtirish bolalarning sog‘lig‘i va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu salbiy ta’sir bolalar muassasalari barcha talablarga javob bergan va yaxshi moliyalashtirilgan taqdirda ham, kuzatilishi mumkin. Bolalar oilalarga tegishli, Mehribonlik uylariga emas. Ular muhabbatga to‘la, mehribon va g‘amxo‘r oilalarida ishonchli himoya ostida o‘sib-ulg‘ayishga haqlidirlar.

2021 yilning 28 iyul kuni nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda ijtimoiy nafaqalarni takomillashtirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarida yashayotgan bolalar ta’lim-tarbiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi mas’ul bo‘lishi belgilab berildi.

Tahlillarga ko‘ra, mamlakatda farzandlikka olish istagini bildirgan shaxslar 4 mingdan ortiqni tashkil qiladi. bugungi kunda farzandlikka olish istagida navbatda turganlarning soni farzandlikka berilayotganlarga (har yili o‘rtacha 200 nafar bola) nisbatan ancha yuqori.

Farzand Alloh tomonidan ato etilgan ulug‘ ne’mat bo‘lishi bilan birga, u ota-onaga topshirilgan mas’uliyat hamda omonatdir. Bolalar – kelajagimiz ekan, ularni ham jismonan, ham ruhan, ham ma’nan sog‘lom bo‘lib kamolga yetkazish barchamizning asosiy vazifamiz bo‘lib qolishi kerak.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA