Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar “Muruvvat” internat uyida bayram nishonlandi
18:09 / 2025-05-31

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

Surxondaryo viloyat bojxona boshqarmasi 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Qumqo‘rg‘on tumanidagi nogironligi bo‘lgan bolalar “Muruvvat” internat uyida bayram tadbiri tashkil etdi.  

Ayni paytda zamonaviy reabilitatsiya vositalari bilan jihozlangan maskanda o‘zgalar yordamiga muhtoj vasiylikka olingan 145 bolani hayotga moslashtirish uchun 200 dan ortiq xodim tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatmoqda. 16 nafar nogironligi bor o‘g‘il-qiz kunduzgi parvarish va tarbiya xizmatidan foydalanayotir. Ular ertalab internat uyiga kelib, kunlik reabilitatsion xizmatlardan foydalangach, kechga oilasi bag‘riga qaytadi.  

“Muruvvat” uyi biriktirilgan viloyat bojxona boshqarmasi mutasaddilari ham bu maskanga tez-tez kelib, ularning holidan xabar olib turadi. Turli ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirib, tarbiyalanuvchilarga quvonch ulashadi.  

Viloyat bojxona va Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmalari xodimlari ishtirok etgan tadbir bolajonlarning parasport bellashuvlari bilan boshlandi.

Viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Yuldashev ularga davlatimiz ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklar haqida so‘z yuritib, bolajonlarni 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan samimiy tabrikladi.  

Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan tadbirda “Muruvvat” uyi tarbiyalanuvchilari va tarbiyachilari tayyorlagan sahna ko‘rinishlari, kuy va qo‘shiqlar bolajonlar hamda ularning ota-onalariga iliq kayfiyat ulashdi. Tarbiyalanuvchilarning qalbida hayotga mehr, yashashga ishtiyoq va kelajakka ishonch tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.

Tadbir yakunida tarbiyalanuvchilarga viloyat bojxona boshqarmasining bayram sovg‘alari topshirildi. Parasport musobaqalarida faol ishtirok etgan bolajonlar kubok va medal bilan taqdirlandi.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri