Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar milliy tibbiyot markazi – mamlakatimizning eng ilg‘or tibbiyot muassasalaridan biri
18:55 / 2023-09-06

Keyingi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasidagi yangilanishlarda tizimning barcha yo‘nalishlari qamrab olinishiga e’tibor qaratilayotir. Xususan, bolalar tibbiyotiga ham alohida urg‘u berilib, zamonaviy shifo maskanlari bunyod etilmoqda.

Ana shunday muassasalardan biri poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi Bolalar milliy tibbiyot markazidir. Jahon standartlariga javob beradigan ushbu tibbiyot maskani ishga tushirilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. O‘tgan qisqa davr – 3 yil mobaynida markaz bolalarda kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish va davolashning ilg‘or usullarini joriy qilish bo‘yicha nafaqat mamlakatimizda, balki mintaqamizda ham yetakchilardan biriga aylanib ulgurdi. Ushbu shifo maskani mutaxassislari tomonidan yiliga 5 mingga yaqin, shu jumladan, yaqin yillargacha faqat rivojlangan xorijiy mamlakatlarda amalga oshirib kelingan murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlari yuksak mahorat bilan o‘tkazilmoqda.

Xususan, shu yil iyul oyida O‘zbekistonda ilk bor Hindiston va Belarus davlatlaridan kelgan mutaxassislar bilan hamkorlikda oqqon kasalligiga chalingan bolalarda suyak ko‘migi autotransplantatsiyasi amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ta’kidlash joizki, markazda bunday murakkab amaliyotning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimiz bolalar onkogematologiyasi sohasida erishilgan ulkan yutuqlardan biri bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur muolaja Turkiya va Belarus davlatlarida 120-170 ming AQSH dollari evaziga qilinar ekan. Shundan ham bilsa bo‘ladiki, ushbu amaliyotning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimiz tibbiyotida erishilgan katta yutuqlardandir.

Munisa Ahmedova ham farzandiga qo‘shilib, dard chekar, dunyo ko‘zlariga qorong‘i edi. Bormagan shifoxonasi, ko‘rsatmagan shifokori qolmagandi hisob. Oxirgi vaqtlar farzandini Hindistonga olib ketib, operatsiya qildirish harakatiga tushgandi, hatto. Bolalar milliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan ko‘rsatilgan shoshilinch va samarali yordam, muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti onaizorga qaytadan umid bag‘ishladi. 

– Farzandimizdan ayrildik deb, o‘ylab tushkunlikka tushib qolgandik, – deydi M.Ahmedova. – Shifokor va hamshiralarning barchasidan minnatdorman. Shunchalik harakat qilishib, farzandimni oyoqqa turg‘izib berishdi. Shunday klinikalarning ochilishiga bosh-qosh bo‘lganlarga ham rahmat aytaman... 

O‘z ustida tinimsiz ishlab, kunu tun izlanishda bo‘lgan markaz jamoasi bundanda katta marralarni ko‘zlagan. Markaz mutaxassislari tomonidan yurtimizda birinchi marta epilepsiya kasalligi bo‘lgan bemorlarga chip o‘rnatish va umurtqa pog‘onasi qiyshiqligi kasalligini radikal korreksiyasi amaliyotlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ko‘zlangan marra sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.

2014 yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan Azizbek Alijonov tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan. 13 marta murakkab jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan. Bir necha bosqichli operatsiyalardan so‘ng bosh miyada kuzatilgan abssess tufayli epilepsiya xastaligiga chalingan. Muassasaga kelgunga qadar bolaning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lib, unda bir kunda 50 martagacha tutqanoq tutgan. Shu bois, joriy yil 24 avgust kuni markazning jonlantirish bo‘limiga shoshilinch ravishda yotqizilgan. O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlardan so‘ng bemorning ota-onasi bilan maslahatlashgan holda markaz mutaxassislari tomonidan yurtimizda ilk bor noyob amaliyot bajarildi. Bemor onasining aytishicha, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan va farzandining ahvoli yaxshilangan. 

– Joriy yil markazimizda 1 ming 200 ta kardiojarrohlik operatsiyalari bajarildi, – deydi markaz direktori Maqsud Saidov. – Shuningdek, rentgen eskulap yo‘nalishi bo‘yicha shu yil iyul oyida amaliyotlar soni 100 taga yetkazilib, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlari o‘rtasida eng yuqori ko‘rsatkich saqlanib qolindi. Shu yili markazimizda mahalliy mutaxassislar ishtirokida birinchi marta bolalarda buyrak transplantatsiyasi ham amalga oshirildi. Yil yakuniga qadar muassasada bolalarda jigar ko‘chirib o‘tkazish, suyak ko‘migining allogen transplantatsiyasi kabi ilg‘or amaliyotlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.    

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning o‘tgan davrida kichik yoshli bemorlarda ilk bor umurtqa pog‘onasi qiyshiqligi (skolioz) kasalligining radikal korreksiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, hozirgacha 30 ga yaqin bolada ushbu operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Vaholanki, bugunga qadar mazkur amaliyotlar Turkiya va Hindiston davlatlarida 20-25 ming AQSH dollari evaziga amalga oshirilib kelingan.    

Bundan tashqari, joriy yil O‘zbekiston tarixida ilk bor Nukus shahrida bir kunlik chaqaloqda markaz mutaxassislari ishtirokida tug‘ma nuqson hisoblangan ekstrofiya-epispadiya kompleks kasalligi jarrohlik yo‘li bilan davolandi.    

Markaz mutaxassislari tomonidan erishilayotgan bu kabi yutuqlarni ko‘plab keltirish mumkin. Markaz jamoasi bu bilan cheklanib qolmoqchi emas. Rejalar bisyor. Suyak ko‘migi autotransplantatsiyasi amaliyotini yiliga 70 tagacha yetkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani buning birgina misoli, xolos.    

Mohigul Qosimova, O‘zA