Bolalar milliy tibbiyot markazi laboratoriyasi jamoasi Britaniyaning yetakchi xalqaro RIQAS (RandoxInternational Quality Assessment Scheme) dasturida ishtirok etib, 4 yo‘nalish bo‘yicha “Certificate of Participation” sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Ular quyidagilardan iborat:
Oylik klinik kimyo dasturi (Monthly Clinical Chemistry Programme) — biokimyoviy tahlillarda aniqlik va ishonchlilikni ta’minlash;
Oylik gematologiya dasturi (Monthly Haematology Programme) — qon tahlillarida yuqori sifat va samaradorlikni kafolatlash;
Koagulyatsiya dasturi (Coagulation Programme) — qon ivish jarayonlarini baholashda xalqaro andozalarga rioya etish;
Oylik immuntahlil dasturi (Monthly Immunoassay Programme) — immunologik tahlillarda ishonchli natijalarni ta’minlash.
RIQAS dasturi dunyodagi eng yirik tashqi sifatni baholash (EQA) tizimi bo‘lib, 140 ga yaqin mamlakatdagi 76 mingdan ziyod laboratoriya ishtirokida tashkil etiladi. Mazkur dastur tibbiy tahlillarning xalqaro standartlarga mosligini baholashda yetakchiligi bilan ajralib turadi.
Aytish joizki, O‘zbekistondan yuborilgan namunalar yuqori aniqlik bilan tahlil qilindi va markaz laboratoriyasi xalqaro talablarga javob berishi qayd etildi.
Quvonarlisi shundaki, dunyo bo‘yicha kam sonli laboratoriyalarga ana shu turdagi sertifikatlar nasib etgan.
Bu, Bolalar milliy tibbiyot markazi laboratoriyasi nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham ishonchlitahlil maskanlaridan biri ekanligidan dalolatdir.
Mohigul Qosimova, O‘zA