O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanidagi «Sunqar», Beruniy tumanidagi «Raxat», Nukus shahridagi «Aral» bolalar oromgohlarida «Bolalar mehnatiga barham berish uchun hozir harakat qiling» mavzusida tadbirlar tashkil etildi.
Unda Xalqaro Mehnat Tashkilotining «Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to‘g‘risida»gi, «Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risida»gi konvensiyalari haqida, shuningdek, ushbu xalqaro tashkilot tomonidan e’lon qilingan 12 iyun – «Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurash kuni»ning ahamiyati, joylarda majburiy va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, O‘zbekiston Respublikasining «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunda o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan shaxs bola deb hisoblanishi, O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonuni bilan barcha bolalar uchun majburiy ta’lim tizimi joriy etilganligi haqida ma’lumotlar berildi. Bolalar majburiy mehnatga jalb etilmasligi kerakligi haqida so‘z bordi.


Bundan tashqari, oromgohdagi bolalar sportning shotakan karate-do, og‘ir atletika turlaridan O‘zbekiston chempionlari bo‘lgan yosh sportchilar U.Baltabayeva, A.Radjapov bilan uchrashdi va sportchilarning master-klasslarida ishtirok etdi.
Tadbirlar davomida oromgohlardagi bolalar o‘rtasida sportning shaxmat, shashka, stol tennisi turlaridan musobaqalar va rasm chizish bo‘yicha tanlovlar o‘tkazilib, tanlov va musobaqalar g‘oliblariga kasaba uyushmalari tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ye.Qanoatov, O‘zA