Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar maydonchalari qarovsiz qolmasin
13:36 / 2024-02-03

Bugungi kunda aksariyat ko‘p qavatli uylarning tutash hududlarida bolalar maydonchalari mavjud. Ular yosh bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun barpo qilingan.

Xo‘sh, ayni paytda mavjud bolalar maydonchalarining ahvoli qanday, ulardan bolalar samarali foydalanyaptimi?  

Shu kabi savollarga javob topish maqsadida dastlabki manzilimiz Navoiy shahridagi Lev Tolstoy ko‘chasida joylashgan uylar atrofidagi o‘yingohlar bo‘ldi. To‘g‘ri, aksariyat maydonchalardagi  attraksion va moslamalarga rang berilgan, atrofi o‘rab qo‘yilgan. Xullas, ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Bu uylarda istiqomat qiluvchi bolalarga havasingiz keladi.

Ammo ayrim maydonchalardagi holatlar dilingizni xira qiladi. O‘yin moslamalari sindirib tashlangan, ulardan xo‘jasizlarcha foydalanilgan. Misol uchun, 28-, 27- va 29- uylar oralig‘idagi, 42-, 53-54-uylar oralig‘idagi bolalar maydonchalari ahvoli talab darajasida emas.  

53-54-uylar oralig‘idagi maydoncha foydalanishga topshirilganiga hali uncha ko‘p vaqt bo‘lmagan. Buni maydonchaning holatidan ham bilsa bo‘ladi. Ammo arg‘imchoqning biri  sindirib tashlanganini ko‘rish mumkin. 27-29-uylar oralig‘ida joylashgan maydoncha ham yaroqsiz holga kelib qolgan. Moslamalar sindirib tashlangan, ulardan foydalanishning imkoni yo‘q. Maydoncha “stoyanka”ga aylangan.  

– 2021 yil 19 iyundagi “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarorining 3-ilovasiga asosan bolalar maydonchasini qurish va ta’mirlash belgilangan, – deydi viloyat qurilish va kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi To‘xtasin Xo‘jamov. – Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlardagi bolalar maydonchalari uy-joy mulkdorlari shirkatlari, hozir esa boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan ta’mirlanib, tegishli tartibda yangilari o‘rnatilmoqda. 53-54-uylarga “Eko parvoz” va qolganlariga “Humo Zilola Barhayot” boshqaruv servis kompaniyalari xizmat ko‘rsatadi. Bolalar maydonchalaridagi moslamalar ta’mirini ana shu servis kompaniyalari bajaradi. Mablag‘i esa uy-joy mulkdorlaridan yig‘ilgan mablag‘larning bir qismidan ajratiladi. Bu o‘yingohlar shu uylarda yashaydigan aholining mulki. Lekin ayrim bolalar tomonidan ularni sindirib tashlash holatlari ham uchrab turibdi. Ota-onalar farzandlariga ulardan to‘g‘ri foydalanish, ularning o‘z mulki ekanini tushuntirishsa, foydadan xoli bo‘lmasdi.  

Yana bir manzilimiz Karmana tumanidagi Talqoq mahallasi bo‘ldi. Bu yerda  Navoiy ko‘chasida “Kamolot” uylari joylashgan. Garchi uchta ko‘p qavatli uylar tutash hududlarida bolalar maydonchalari bo‘lsada, 10-uy, mahalla binosi old qismidagi ikki qavatli uylar atrofidagi bolalar maydonchalari holatini “maqtovga arzigulik” deya olmaysiz. Sababi, ular yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Ayniqsa, 10-uy atrofidagi o‘yingoh ta’mirtalab ahvolda. O‘yingohda birorta foydalanishga yaroqli moslama qolmagan. O‘rindiqlar sindirib tashlangan.  

[gallery-15773]

– Talqoq mahallasidagi 7 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatamiz, – deydi “Xurshid kommunal progress” boshqaruv servis kompaniyasi nazoratchisi Xurshidabonu Sharipova. – Kompaniyamiz 2021 yil iyun oyida tashkil topgan. Haqiqatan ham Navoiy ko‘chasidagi o‘yingoh ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. O‘tgan davr ichida maydonchadagi moslamalarni payvandlab bergandik. Sariq qumni har mavsumda yangilaymiz. Bo‘yoqlash ishlari olib boriladi. Bu o‘yingoh kapital ta’mirlashga muhtoj. Har bir konstruksiyani yangilash zarur. Joriy yil dasturiga kiritganmiz. Ketadigan xarajatning 30 foizi kompaniyamiz, qolgan 70 foizi byudjet mablag‘lari asosida olib boriladi. Agarda uylarda yashovchi aholi o‘z vaqtida to‘lovlarni to‘lab borishsa, maydonchalarning holati to‘g‘risida ma’lum qilib turishsa, ularni ta’mirlab beramiz. Bolajonlardan maydonchalardagi moslamalardan samarali foydalanishni ham iltimos, ham talab qilardik. Hozir ko‘p qavatli uylar atrofiga videokameralar o‘rnatish ishlarini olib boryapmiz. Kelgusida mol-mulkka zarar yetkazish holatlari uchraydigan bo‘lsa, tegishli tartibda yetkazilgan zararni undirish choralari ko‘riladi.

– Bugun yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning hammasida ham bolalar maydonchalari bor, deb aytolmaymiz, – deydi Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati Sanjar Qurbonov. – Qurilish loyihasida bolalar maydonchasi yo‘q ko‘p qavatli uylarni qurishga ruxsat berilishining o‘zi xato ish, deb hisoblayman. Loyihasida bolalar maydonchasi bo‘laturib, qurib bermagan qurilish korxonalari iste’molchilar haqiga xiyonat qilish bilan birga, jamoatchilikning ham qurilish sohasidagi noroziligiga sababchi bo‘lmoqda. Shahrimizdagi Ishonch mahallasi hududida 9 ta bolalar, 3 ta sport maydonchasi mavjud. 2023 yilda faqatgina 1 ta sport maydonchasi sektor rahbari tashabbusi bilan yangilandi. Asosiy saylovchilarim ushbu mahalla aholisi bo‘lganligi sababli hududda bolalarning bu kabi maydonchalardan foydalanishini kuzatib yuraman. Qaysiki, bolalar maydonchasi qulay, ko‘rkam va tekis joyda tashkil etilib, atrofi sersoya daraxtlarga boy bo‘lsa, ana shu maydoncha bolalar bilan doim gavjum bo‘ladi. Ko‘p hollarda quruvchilar bolalar maydonchasi atrofida ota-onalar o‘tirib dam oladigan hordiq o‘rindiqlari bo‘lishiga e’tibor qaratmaydi. Bu avvalo bolalarning nazoratda bo‘lishi uchun muhim. Qolaversa, kattalar atrofida ekanini his qilib turgan bola qurilmalarga shikast yetkazishga ko‘p hollarda botinolmaydi. O‘yin va sport qurilmalari bolalarning yoshi, qiziqishlariga mos, zamonaviy va sodda tuzilgani, asosiysi, xavfsizlik texnikasi talablariga javob berishdek muhim talab ham quruvchilar e’tiboridan chetda qolmasligi kerak.  

Albatta, maydonchalar bolalarning sevimli joyi. Ular bo‘sh vaqtlarida, ayniqsa, kechki paytda bu yerdagi arg‘imchoqlar, kamalaksimon moslamalardan uchadi, jismoniy mashqlar bajaradi.  

Maydonchalar bolalarni sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi. Shunday ekan, ulardan asrab-avaylagan holda samarali foydalanish zarur.  

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari