Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika bolalar kutubxonasida maktab o‘quvchilari va kitobxonlar o‘rtasida “Ochib ko‘r, sinab ko‘r, ishtirok et!” shiori ostida “Nukusda Germaniya kunlari” tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur loyihaning asosiy maqsadi yosh avlodni Germaniya adabiyoti va madaniyati bilan yaqindan tanishtirish, ularni kasbga yo‘naltirish, ekologiya, kitobxonlik mahorat darslari orqali bilimlarni o‘yin shaklida yetkazishdan iborat edi.
Uch kunlik tadbir ishtirokchilari Germaniya davlati bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lib, turli intellektual va zamonaviy viktorina o‘yinlarida ishtirok etishdi. Kutubxona foyesida tashkil etilgan “Yashil kutubxona va urug‘lar kutubxonasi” burchagi hamda ekologiyani asrash bo‘yicha kitob qahramonlaridan tuzilgan foto ko‘rgazmalar, mamlakatimizdagi Gyote institutining “Axborot va kutubxona” bo‘limi loyihalari bilan yaqindan tanishishdi.
Tadbirning birinchi kuni ko‘rgazmalar bilan tanishishdan boshlandi. “Ekologiya va barqaror rivojlanish” mavzusida mahorat darslari, slayd taqdimotlari o‘tkazildi. Serqirra ijodkor, rejissyor, yozuvchi, iste’dodli ssenarist va ekologiya mavzusidagi kitoblar to‘plami muallifi Madina Mo‘minovaning “Plastikakl kim?” nomli kitobi interfaol mutolaa qilish orqali tanishtirildi. Nukus shahridagi 2-sonli, Qo‘ng‘irot tumanidagi 43-sonli maktab o‘quvchilari va faol kitobxonlar ishtirokida yozuvchining eko qahramonlari bo‘yicha qiziqarli o‘yinlar tashkil etildi.
Ikkinchi kuni Nukus shahridagi 1,2,6-sonli maktablar o‘quvchilari, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talaba yoshlari ishtirokida “Bularning barchasi – oila!” ko‘rgazmasining ochilishi, “Sening birinchi kuning” mavzusida virtual real kasblar bilan tanishish tadbirlari o‘tkazildi.
Gyotening “Faust” tragediyasi jahon adabiyotining shoh asarlaridan biri hisoblanadi. Bu asar adibning butun ijodiy faoliyati davomidagi izlanishlarining samarasidir. Tadbirda ushbu asarning dinlararo, madaniyatlararo, millatlararo bag‘rikenglik, Sharq va G‘arb sivilizatsiyasi, umuminsoniyat maqsadlarini uyg‘unlashtirishdagi ahamiyati borasida so‘z yuritildi.
[gallery-25511]
So‘nggi kuni Germaniyaning interaktiv xaritasi: hududlar, shaharlar, xususiyatlari bilan tanishish, “Raqamli vositalar yordamida nemis tilini o‘rganamiz” mavzusida mahorat darsi, “OnIeihe raqamli kutubxonasi: hamma joyda, har doim, bepul” mavzusidagi tadbirlar o‘tkazilib, ular ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirlar yakunida esa O‘zbekistondagi Getyo instituti axborot-kutubxonasi bilan hamkorlik shartnomasi yo‘lga qo‘yildi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA