Bugun maktabgacha ta’lim tashkilotlari haqiqiy ma’noda ta’lim tizimining mustahkam poydevori sifatida e’tirof etilmoqda.
Zero, farzandlarimizning har tomonlama yetuk, ma’nan barkamol insonlar bo‘lib kamol topishida aynan shu dargohlarda berilayotgan ta’lim-tarbiyaning o‘rni beqiyos.
So‘nggi paytlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sifatli ta’lim-tarbiya uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida ota-onalar, homiylar va saxovatpesha insonlar faollik ko‘rsatmoqda. Chunki kelajakka tikilgan sarmoya eng ishonchli va eng samarali investitsiya ekani barchaga ayon.

Jumladan, Buxoro viloyati Peshku tumanidagi 19-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘yin maydonchalari ta’mirlanib, bolajonlar uchun yanada xavfsiz va qulay muhit yaratildi. Shuningdek, bitta guruh televizor bilan ta’minlandi, tashkilot ehtiyojlari uchun gaz plita, dazmol hamda kir yuvish mashinasi olib berildi.
Tumandagi 17-maktabgacha ta’lim tashkilotida esa ota-onalar bilan hamkorlikda guruh xonalarida ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 3 ta guruh zamonaviy televizorlar bilan ta’minlandi.

Vobkent tumanida ham ijobiy ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, 15-DMTTga xavfsizlik uchun derazalarga panjaralar o‘rnatildi. 2-DMTTga bolalar uchun turli o‘yinchoqlar hamda mashg‘ulot jarayonlarida foydalanish uchun ovoz kuchaytirgich apparati taqdim etildi. Shuningdek, 32-DMTTga homiylar ko‘magi bilan kir yuvish mashinasi, “Ariston” isitish jihozi va suv nasosi olib berildi.
Amalga oshirilayotgan bu xayrli ishlar maktabgacha ta’lim tizimiga bo‘lgan yuksak e’tibor, bolalar kelajagiga nisbatan mas’uliyat va hamjihatlikning yorqin ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.