Munosabat
Davlatimiz rahbarining biz – sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvida men ham ishtirok etganimdan behad xursandman. Bu uchrashuv tibbiyot xodimlari, shaxsan men uchun tarixiy kun bo‘lib qoladi.
Guvohi bo‘lganingizdek, muloqotda sog‘liqni saqlash tizimidagi har bir yunalishga alohida e’tibor qaratilib, tizimdagi muammo va kamchiliklarni qamrab olgan savollar o‘rtaga tashlandi, ularning yechimlari ko‘rsatildi, takliflar bildirilni.
Prezidentimiz o‘z nutqida tibbiyot xodimlari – shifokorlar, hamshiralar, sohaning yetuk mutaxassilari bildirgan fikr-mulohaza va takliflarni inobatga olgan holda muammo va kamchiliklarni bartaraf qilish bilan birga tibbiyot tizimini tubdan rivojlantirish, yuqori darajali tibbiyot tizimini shakllantirish, aholiga tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash vazifalarini belgilab berdi.
Soha yunalishlaridagi har bir xodim, mutaxassis, o‘z takliflari yoki yechilmayotgan muammolarini davlatimiz rahbariga erkin ayta oldi va berilgan barcha savollariga aniq, ijobiy javob oldi. Tizimni birdan tubdan o‘zgartirib bo‘lmaydi, albatta. Ammo ana shu o‘zgarishlarga muhim qadam tashlandi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Men, kardioxirurgiya yunalishida tug‘ma yurak nuqsonlari xirurgiyasi bo‘limi rahbari lavozimida ishlayman. Ish faoliyatimdan bilamanki, bemorlar yaqin 5-10 yil oldin murakkab yurak operatsiyalarini chet el klinikalariga borib qildirishar edi. Endilikda esa tibbiyot muassasalarimizning yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlanishi va kadrlarning chet el klinikalarida malaka oshirishlari natijasida bolalar kardioxirurgiyasida 99 foiz yurak operatsiyalarining murakkab turlari ham respublikamiz klinikalarida amalga oshirilyapti.
Prezidentimiz oxirgi yillarda tibbiyot sohasida erishilgan natijalarga to‘xtalib o‘tgar ekan, sohaga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi keskin oshirilganini ta’kidladi. Mablag‘lar 4 barobar ko‘paytirilib, sohaning moddiy taminoti yanadakuchaytiriladi.
Muloqot davomida yuqori malaka va yuqori texnologiyalarni talab qiladigan tibbiy xizmatlar to‘g‘risida alohida so‘z yuritildi. Ixtisoslashgan tibbiyot markazlarining yuzdan ortiq filiallari hududlar buyicha ochilishi, fuqarolarning uzog‘ini yaqin qilish barobarida ushbu filiallarimizdagi mutaxassislarning malakasi yanada oshishiga, natijada yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘lami kengayishiga xizmat qiladi.

Bilasizmi, so‘nggi besh yilda yaratilayotgan sharoitlar natijasida Koraqalpog‘istonda, Buxoro viloyatida birinchi marta yosh bolalarda ochiq yurak operatsiyalarini amalga oshirdik. Andijon viloyatida esa bunday operatsiyalar sonini 100 dan oshirishga muvaffaq bo‘ldik.
Yaqin bir yil oldin ham respublika tibbiyot markazlarida davolanish uchun “order” tizimi bor edi. U ko‘p hollarda tanish-bilishchilik asosida berib kelingan.
Hozirda aholining ehtiyojmand, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami uchun respublika tibbiyot markazlarida xizmat ko‘rsatishning ochiq va shaffof, yangi tizimiga o‘tildi. Bunda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirildi, tibbiy yordam yo‘llanmasi haqiqiy ehtiyoji bor aholiga elektron navbat asosida berilmoqda. Yana bir holat, mablag‘lar markazga emas, balki davolanishi zarur bo‘lgan aniq bemorga ajratilmoqda.
Prezidentimiz misol tariqasida shuni aytib o‘tdilarki, ilgari tug‘ma yurak nuqsoni bor bolaga operatsiya uchun respublika markaziga 3 million so‘m mablag‘ ajratilgan, qolgan 20-30 million so‘mlik xarajatni esa ota-ona ko‘tarishga majbur bo‘lgan. Hozirda ushbu operatsiya uchun zarur mablag‘ davlat tomonidan to‘liq qoplanmoqda. Bu esa davlat tomonidan ehtiyojmand oilalarga ularning soglig‘ini tiklashga qaratilgan haqiqiy g‘amxo‘rlik na’munasidir.
Soha xodimlari hamda aholidan kelib tushgan murojaatlar tahliliga ko‘ra, 7 ta yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgani eng katta voqelik bo‘ldi. Birlamchi bo‘g‘indan boshlab, barcha sohalarni raqamlashtirish va IT-infratuzilmasini rivojlantirish dasturining qabul qilinishi mutaxassisning bemor bilan ishlashini, bemorning esa muassasaga murojaatini tezlashtiradi, kog‘ozbozlikni kamaytiradi, tibbiyot xodimini bemorga ko‘proq vakt ajratishini taminlaydi.
Albatta, e’tiborimizni tortgan keyingi masala bevosita tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq. Ya’ni sog‘liqni saqlash xodimlarini moddiy rag‘batlantirish yanada kuchaytirilishidir. Bu yil ham byudjet tashkilotlari qatorida tibbiyot xodimlarining oylik ish haqini kamida 10 foizga oshirish rejasi, bundan tashqari malaka toifasiga qarab yana 15 foizgacha va ayniqsa yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga yana 25 foiz miqdorida ustama to‘lanishi juda ham quvonarli hol. Buni yuqori malakali shifokorlarga bo‘lgan katta etibor, ularning bilim va tajribalarini qadrlash deb tushunish mumkin.
Moddiy rag‘bat halol va vijdonan ishlayotgan shifokorlarga, albatta o‘z ustida yana ham ko‘proq ishlash uchun motivatsiya buladi. Ayniqsa yosh mutaxassislar uchun.
Tez-tez uchrayotgan tibbiyot muassasalarining eshik oynalarini sindirib, xodimlarni haqoratlash, jismoniy zarar yetkazishgacha borayotgan holatlardan xulosa qilgan holda, endi, tibbiyot xodimlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashgan, ularning ishiga to‘sqinlik hamda tajovuz qilgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanishi noxush holatlarning oldini oladi va tibbiyot xodimlarining daxlsizlagini taminlaydi.
Shaxsan men, davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlariga bo‘lgan samimiy munosabatini ko‘rdim, mashaqqatli va shu bilan birga sharafli mehnatimizni qadrlashlariga yana bir bor amin bo‘ldim. Har qanday sharoit va imkoniyatlar, kerak bo‘lsa, davlat barchasini yaratib berishga tayyor ekanini ta’kidlaganliklari meni olim va mutaxassis sifatida yangi cho‘qqilarni zabt etishga, yosh mutaxassislarga har tomonlama ibrat bo‘lishga undaydi va yanada mas’ulyat yuklaydi.
Hakimjon Abrolov,
Akademik V.Vohidov nomidagi
Respublika ixtisoslashtirilgan
xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot
markazi bo‘limi mudiri,
O‘zA