Farg‘ona viloyatida joriy yilning 10 oyi mobaynida bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari 86,9 foizga, piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari 82,1 foizga oshgan.
Tahlillarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisalarining 104 tasi xalqaro yo‘llarda, 566 tasi davlat ahamiyatidagi yo‘llarda, 383 tasi mahalliy yo‘llarda sodir etilgan. Shuningdek, tungi vaqtda sodir etilgan 366 ta hodisalarning 210 tasi voqea joyi lozim darajada yoritilmaganligi oqibatida ro‘y bergan.
Viloyatda mazkur toifadagi jinoyatlarning 6 tasi mast holatda, 107 tasi tezlikka rioya etilmaslik, 76 tasi qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib quvib o‘tish, 461 tasi boshqa qoidabuzarliklar oqibatida sodir etilgan.
Viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan joriy yilning may-iyun oylarida ta’lim muassasalari yo‘lining qatnov qismlariga 17 ta svetofor va 931 ta yo‘l belgilari o‘rnatildi. Yo‘llar qatnov qismining 483 ta joyida 1.14 – yo‘l belgi chizig‘i (zebra) chizilgan hamda 79 ta joylarga esa sun’iy notekisliklar yotqizildi. Shu bilan birga 398 ta ta’lim muassasalari oldidagi yo‘l chiziqlari qayta bo‘yalib, 39,6 kilometr yo‘llar ta’mirlandi.
M. Sulaymonov, O‘zA