Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar huquqlari, manfaatlarini ta’minlash mexanizmlari qayta ko‘rib chiqiladi
16:04 / 2025-03-18

Senatning beshinchi yalpi majlisida Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani)ning bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova 2024 yilda vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar fuqarolari hamda ombudsmanlari, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan mingdan ortiq murojaat kelib tushganini ta’kidladi. 2023 yilga nisbatan solishtirganda ushbu ko‘rsatkich 2,4 baravarga oshgan.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil va uning kotibiyati xodimlari tomonidan bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarga monitoring shaklidagi 31 tashrif amalga oshirilgan. Shu davrda ular 46 fuqarolik, jinoyat va ma’muriy ishlar yuzasidan sudlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.

Mazkur masalada Senat Raisi Tanzila Norboyeva bolalarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga nisbatan chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini qayd etdi. 

– Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa, migrant bolalar, nogironligi bo‘lgan yoki tarbiyasida nuqsoni bo‘lgan bolalar – hamma toifa bilan individual ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish zarur, – dedi T.Norboyeva. – Tegishli tashkilotlar hamkorlikda ishlashi kerak. Mahalliy kengashlarga bu borada murojaat qilish maqsadga muvofiq. Ular ham eshituvlar, so‘rovlar qilish orqali muammoli masalalarga yechim topishga yordam beradi. Erta nikohlarning oldini olish juda dolzarb. Axir qiz bola bir kunda turmushga chiqib ketmaydiku. Oldindan kelishuvlar bo‘ladi, buni odamlar gapiradi. Shularni eshitib, nahotki to‘yni to‘xtatishning imkoni yo‘q? Bu butun jamoatchilikning ishi. Davlat tomonidan qizlarga, ayollarga berilayotgan e’tiborga qaramasdan erta nikoh, albatta, erta ajrimlarga, yetim bolalar paydo bo‘lishiga olib kelyapti. Shu bois, hozir Oila kodeksi va boshqa qonunchilik normalarini qayta ko‘rib chiqyapmiz. Lekin, hamma narsani ham qonunlar bilan hal qilib bo‘lmaydi. Odamlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish zarur. Ota-ona mas’uliyatini oshirish kerak. Umuman, bolalar huquqlari, manfaatlarini ta’minlash mexanizmlari qayta ko‘rib chiqiladi. 

Qayd etilishicha, Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish hamda bola huquqlari sohasidagi qonunchilikda mavjud muammolar tahlili natijasida davlat organlari va tashkilotlarga 40 ta tahliliy axborot kiritilgan hamda mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 3 qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Murojaatlar tahlili va monitoring faoliyati asosida davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan ta’sir choralari orqali munosabat bildirilgan. Bunda, bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan jami 36 ogohlantirish, taqdimnoma, xulosa va sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnomalar kiritilgan.

Ma’ruzada ta’kidlanganidek, murojaatlarni o‘rganish natijasida aniqlangan bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 14 jinoyat ishi hamda 18  ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. 

Ta’lim muassasalarida bolaga jismoniy zo‘ravonlik qilgani hamda o‘z kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun 7 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bolalarga nisbatan qilgan qo‘pol xatti-harakatlari uchun 22 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan.

Internet tarmog‘i monitoringi davomida aniqlangan o‘g‘il-qizlar huquqlarining buzilishiga oid 83 holat mutasaddi davlat organlari bilan hamkorlikda tekshirilib, bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 15 jinoyat ishi hamda 9 ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Bundan tashqari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan hamkorlikda 87 holat yuzasidan hududlardagi bolaning ijtimoiy psixologik vaziyati baholanib, 11 nafar bolaga vasiy yoki homiy tayinlanishi ta’minlangan. 

Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga murojaatlar va hamkor tashkilotlarning so‘rovlari asosida xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 52 nafar bolaning O‘zbekistonga qaytarilishiga erishilgan.

O‘z faoliyati yuzasidan ochiq va shaffof tarzda axborot berish maqsadida Bolalar ombudsmanining ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalari yo‘lga qo‘yilgan “Bolalarvakili.uz” rasmiy veb-sayti ishga tushirilgan. 

Muhokamalar nihoyasida ma’ruzani ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.

Norgul Abduraimova, O‘zA