Bolalar — ertamiz egalari, hayotimiz davomchilari. Ularning huquqlarini himoya qilish, ularni jismonan sog‘lom, aqlan yetuk qilib tarbiyalash barchamizning burchimiz. Shu bois, mamlakatimizda bola huquqlari qonuniy asosda to‘la himoyalangan. Ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoit yaratish, qiziqishlari bo‘yicha to‘g‘ri yo‘naltirish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan “Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar tashkil etilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim o‘rin tutadi.
— Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi faoliyati isloh etilib, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya etib qayta tashkil etildi, — dedi deputat Tursunoy Murodova. — Ammo amaldagi qonun hujjatlarida “voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar” tushunchasi ishlatib kelinmoqda. Bu esa yangi tashkil etilgan Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar tomonidan o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni qonunchilik asosida to‘liq amalga oshirishda hamda huquqni qo‘llash amaliyotida tushunmovchiliklarni keltirib chiqaryapti.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mazkur komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlovchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Xususan, taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan «Prokuratura to‘g‘risida»gi, «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunlarga hamda Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik, Oila, Mehnat kodekslariga o‘zgartishlar kiritilib, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining nomi «Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya» deb o‘zgartirilmoqda. Shuningdek, uning vakolatlariga oid o‘zgartishlar aks ettirilmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA