Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar himoyasi – davlat siyosatining yangi bosqichida
12:01 / 2025-12-26

O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish masalasi ilk bor alohida va kompleks strategiya darajasiga ko‘tarildi. 2025 yil 24 dekabrda Prezident tomonidan imzolangan “2026–2030 yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi” shu yo‘nalishdagi davlat siyosatining yangi bosqichini belgilab berdi.

Mazkur hujjat bolani faqat huquqiy jihatdan emas, balki ruhiy, ijtimoiy va ma’naviy jihatdan ham himoya qilishni nazarda tutadi. E’tiborli jihati, strategiya birinchi navbatda oqibatlar bilan emas, balki xavfning oldini olish, bolani erta aniqlash va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga tayanadi

Strategiya doirasida 2026 yil 1 fevraldan boshlab zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki xavf ostida bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi. Bu bolani vaqtinchalik muassasaga joylashtirishdan ko‘ra, uni xavfsiz va mehrli oila muhitida reabilitatsiya qilishga qaratilgan mutlaqo yangi yondashuvdir.

Bolalar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali shartnoma asosida joylashtirilib, ularni boqish va tarbiyalash bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Dastlab ushbu amaliyot Qashqadaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida sinov tariqasida joriy etiladi.

Strategiyaning yana bir muhim jihati – bolalarni huquqiy himoya qilish tizimining kuchaytirilishidir. Xususan, 2026 yil 1 sentyabrdan zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar va bunday holatlarga guvoh bo‘lganlar davlat hisobidan huquqiy yordam bilan ta’minlanadi. Sud jarayonlarida bolaning qonuniy vakili ishtirok etadi, uning dastlabki ko‘rsatuvlari esa qayta-qayta so‘roq qilinmasligi uchun videoyozuv orqali qayd etiladi. Shu bilan birga, bolaga nisbatan zo‘ravonlik haqida xabar bermaslik holatlari ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Oila bilan ishlash masalasi ham strategiyaning markazida turibdi. 2026 yil 1 martdan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ota-onalar uchun “Mehrli oila” xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu xizmat oilaviy terapiya, psixologik maslahat va profilaktik yordamni bepul taqdim etib, muammoni boladan uzib qo‘ymasdan, uning ildiziga yetishni maqsad qiladi.  

Ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun ta’lim muassasalarida qo‘shimcha qabul kvotalarining joriy etilishi esa ularning ta’limdan chetda qolmasligini kafolatlaydi.

Shuningdek, 2026 yil 1 aprelga qadar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi ishga tushiriladi. Ushbu platforma orqali bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yagona elektron bazaga jamlanib, barcha idoralar o‘rtasida tezkor axborot almashinuvi ta’minlanadi. Bu har bir holat taqdiri nazoratsiz qolmasligiga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur strategiya bolalarni himoya qilishni alohida chora emas, balki yaxlit davlat tizimi sifatida shakllantiradi. Bu hujjat orqali O‘zbekiston bolaning xavfsizligi, qadri va kelajagini davlat siyosati darajasida ustuvor vazifa sifatida belgilab bermoqda.

Anvar Homidov,

Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari

bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi, O‘zA