Nukus shahri “Yoshlar markazi”da O‘zbekiston bolalar tashkiloti tomonidan hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlar ishlari boshqarmasi “Bolalar harakati” sardorlari saylovining hududiy bosqichi tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston bolalar tashkiloti tomonidan bolalarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, ularni qobiliyatlari va iste’dodlarini rivojlantirish maqadida har yili an’anaviy tarzda “Bolalar harakati” sardorlar saylovi o‘tkazilmoqda. Bolalar bilan ishlash, ularni ijodiy qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2026 yildan boshlab mahalla, tuman, hududiy va respublika sardorlar tizimi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Bolalar tashkiloti faoliyatining asosiy maqsadi bolalarni vatanga muhabbat, intellektual, ijodiy, jismoniy va ma’naviy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi, ularning ta’lim olish va dam olishiga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoit yaratish, bolalarni sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ota-ona, oila va atrofdagilarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda dahldorlik, mehr-saxovat kabi fazilatlarni rivojlantirish, iqtidor va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga qaratilgan ishlarni samarali tashkil etishdan iborat.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida sardorlar saylovi shaffoflik va adolat mezonlari asosida uch bosqichda tashkil etildi. Jumladan, eng quyi bo‘g‘in mahalla bosqichida 452 ta mahaladan 4 ming 68 nafar “Bolalar harakati” mahalla sardori saralab olingan bo‘lsa, ularning orasidan 153 nafar iqtidorli bola shahar va tuman sardorlari etib saylandi. G‘oliblar hududiy sardorlik uchun bellashdilar.
[gallery-27486]
Hamkor tashkilot vakillaridan tuzilgan Tanlov komissiyasi har bir nomzodning tengdoshlari orasida amalga oshiradigan loyihalari bilan tanishib chiqdilar. Ochiq ovoz berish yo‘li bilan eng munosib deb topilgan 9 nafar bola Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Bolalar harakati” sardorlar safiga qo‘shilishdi. Ushbu sardorlarga bir yil davomida faoliyat yuritishi uchun Ishonch yorlig‘i taqdim etildi. Endilikda ular bosh sardor, jasorat, qizlar akademiyasi, Yashil makon, ibrat farzandlari, iqtidor, ustoz AI, mutolaa, matbuot va media kabi 9 ta yo‘nalishda faoliyat olib borishadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari