English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bolalar harakati” sardorlari saylandi
17:35 / 2026-01-27

Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston bolalar tashkiloti — “Bolalar harakati” sardorlari saylovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyatning 11 ta tuman va shaharlaridan jami 99 nafar eng faol va iqtidorli o‘quvchi o‘z nomzodini ilgari surdi.

Ushbu jarayon bolalarning rahbarlik qobiliyatlarini namoyon etish, ijtimoiy tashabbuslarini taqdim qilish va tengdoshlarini faollikka chorlashda muhim imkoniyatga aylandi.

Saylov ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida o‘tkazildi. Ishtirokchilar ovoz berishda erkinlikka ega bo‘lib, o‘z fikrlarini ochiq bildirdilar. Bu jarayon nafaqat lavozim uchun kurash, balki bolalarning ovozi eshitilayotgani va ularning fikrlari qadrlanayotganini ko‘rsatuvchi namunaviy qadam bo‘ldi.

Eng muhimi, sardorlik yo‘nalishlari 9 ta muhim yo‘nalishni qamrab oldi: Bosh sardor, Jasorat, Qizlar akademiyasi, Yashil makon, Ibrat farzandlari, Iqtidor, Ustoz AI, Mutolaa va Matbuot va media. 10 dan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur tanlovda ishtirokchilar o‘z iqtidor va salohiyatlarini namoyon etish bilan birga, ijtimoiy mas’uliyat va yetakchilik qobiliyatlarini sinab ko‘rdilar.

Tanlov so‘nggida 9 yo‘nalish bo‘yicha viloyat sardorlari saylandi. Ularga ishonch yorliqlari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Endi mazkur yoshlar mahalla va maktablarda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, tengdoshlarini faollikka chorlash va bolalarning ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha faoliyat olib borishadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri