Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Bolalar harakati” sardorlar saylovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yurtimizda “Bolalar harakati” sardorlari, yetakchilari tomonidan o‘z tengdoshlarining a’lo baholarga o‘qishi, faol va tashabbuskor bo‘lishi uchun e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligi, ana shunday tengdoshlariga ibrat bo‘ladigan, o‘z ortidan ergashtira oladigan lider bolalarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish muhim ekanligi ta’kidlandi.

Sardorlikka da’vogar bo‘lgan bolalar avval mahallalarida, keyinchalik tuman va shahar bosqichlarida o‘z bilim va qobiliyatlarini namoyon etib, viloyat bosqichiga yetib keldi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, viloyatdagi 879 ta mahallada 7 ming 911 nafar, tuman, shaharlarda esa 144 nafar sardor saylangan bo‘lib, bugun ular mahallalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilariga ko‘makchi sifatida bolalar bilan ishlashda faollik ko‘rsatmoqda.

Saylovning viloyat bosqichida 16 ta tuman, shaharlardan saralangan 144 nafar faol o‘quvchi yoshlar to‘qqizta yo‘nalish bo‘yicha viloyat “Bolalar harakati” sardorligi uchun o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi.

Yakunda eng munosib deb topilgan 9 nafar lider va tashabbuskor sardorga kelgusida bolalar tashabbuslarini ilgari surish, jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etishi uchun ishonch bildirilib, ular Andijon viloyati sardori etib saylandi.

– Avvalo, menga ishonch bildirgan barcha tengdoshlarimga chin dildan rahmat aytaman, – deydi “Bolalar harakati” Andijon viloyat sardorligiga saylangan Firdavs Mannopov. – Bu ishonchni oqlash uchun bor kuchim, bilimim va imkoniyatimni ishga solaman. Chunki bosh sardor bo‘lish, bu shunchaki lavozim emas, bu minglab bolalarning fikri, orzusi, kelajak rejalari uchun mas’ul bo‘lish degani.

“Bolalar harakati” Andijon viloyati sardorlariga O‘zbekiston bolalar tashkiloti Boshqaruv kengashi raisining “Ishonch yorlig‘i” hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari