Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar gadjetlardan bir kunda qancha vaqt foydalanishi mumkin?
16:59 / 2025-10-20

Bugungi raqamli davrda bolalarning dars va dam olish vaqtining katta qismi gadjetlar bilan bog‘liq. Ammo ularning uzoq muddat ekran qarshisida o‘tirishi ko‘z salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bois, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan bolalar uchun gadjetlardan foydalanish bo‘yicha gigiyena talablarining yangi tartibi belgilandi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, monitor yoki planshetdan foydalanishda ekran bilan ko‘z orasidagi masofa kamida 70 santimetr, ish yuzasigacha esa 25 santimetrdan kam bo‘lmasligi kerak. Ish joyi chap tomondan tabiiy yorug‘lik tushadigan tarzda joylashtirilsa, ko‘zga tushadigan zo‘riqish kamayadi. Shuningdek, o‘quvchilarga muntazam ko‘z gimnastikasi mashqlarini bajarish tavsiya etiladi.

5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga elektron ta’lim vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. Chunki bu yoshda bolaning ko‘z muskullari to‘liq shakllanmagan bo‘ladi va ekran nurlari ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

1–4 sinflar o‘quvchilari dars jarayonida gadjetlardan 10–20 daqiqa, 5–11 sinflar esa 15–35 daqiqa davomida foydalanishi mumkin. Uy va maktabdagi umumiy foydalanish muddati esa o‘quvchining yoshi va sinfiga qarab 80–170 daqiqa orasida belgilangan.

Agar bola ko‘zning qizarishi, xiralashishi, bosh yoki bo‘yin og‘rig‘idan shikoyat qilsa, bu ortiqcha ekran yuklamasining belgisi bo‘lishi mumkin. Bunday holatda bola shifokor ko‘rigiga yuborilishi lozim.

M.Hojiakbarova, O‘zA