Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda
17:23 / 2021-01-08

Qashqadaryo viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasida “Ko‘ngil ko‘zi” yangi yil xayriya aksiyasi doirasida Qarshi shahridagi 18-maxsus maktab-internat o‘quvchilari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Bu haqda Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari Nuriddin Egamov xabar qildi.  

Mazkur xayriya aksiyasi 2019 yilning mart oyida o‘z faoliyatini boshlagan. U ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar ta’limi, ularning ma’naviy va ruhiy rivojlanishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, kelgusi hayotga va jamiyatga moslashishi uchun yo‘naltirilgan.  

Loyiha Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning filiallari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.  

«Ko‘ngil ko‘zi» yangi yil xayriya aksiyasi doirasida uch mingdan ortiq ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, ko‘rishni yaxshilash imkoni mavjudligi aniqlangan har bir bolaga yordam ko‘rsatiladi.  

– Ayni paytda Qarshi shahridagi 18-maxsus maktab-internat o‘quvchilari vizometriya, refraktometriya, tonometriya, perimetriya, ko‘z tubini fondus linza yordamida ko‘rish, zamonaviy optik kogerent tomografiya singari bir qator standart tekshiruvlardan imtiyozli o‘tkazilmoqda, – deydi viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori Ibrohim Ochilov. – Uzoq masofada joylashgan va filialga olib kelish imkoni bo‘lmagan bemorlar uchun mobil oftalmologik poliklinika xizmatidan foydalanilmoqda.  

Har bir bemor bolani Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining mas’ul shifokorlari bilan hamkorlikda telemeditsina orqali ko‘rikdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur maktab-internatning jami 224 nafar o‘quvchisi chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkazilganidan so‘ng davolash imkoni bo‘lganlarni viloyat va respublika darajasida saralash hamda davolash choralari ko‘riladi.  

Shifoxonada chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar 20 yanvargacha davom etadi.