English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar bog‘chalari uchun aqlli robotlar sovg‘a qilindi
11:12 / 2021-02-10

Maktabgacha ta’lim vazirligida bolalarga robototexnika va dasturlash ko‘nikmalarini o‘rgatishga mo‘ljallangan “Albert” va “Genibot” aqlli robotlari taqdimoti va ularni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Koreya Respublikasidan kelgan hamkorlar O‘zbekistonning MTT uchun 275 ta robot va 350 ta o‘quv qo‘llanma sovg‘a qildi.

Tadbir Maktabgacha ta’lim vazirligi, Koreya robot sanoatini rivojlantirish instituti (KIRIA), Koreya o‘qituvchilar uyushmasi, shuningdek, “FRG Korea”, “Dazzle Edu”, “Genie Robot” va “SK Telecom” kompaniyalari vakillari ishtirokida onlayn tarzda o‘tkazildi.

– Dunyo axborot davriga qadam qo‘ydi. Dasturiy ta’minot bilan ishlash, kompyuterlar tilida so‘zlashish oddiy ko‘nikmaga aylanib boraveradi, – deydi Maktabgacha ta’lim vazirligi huzuridagi Axborot va pedagogik texnologiyalar innovatsion markazi direktori Oyatillo Rahmatillayev. – Biz bolalarimiz egallayotgan ko‘nikmalar zamon talablariga javob berishini istaymiz. Bolalarga robototexnika saboqlari murakkab kodlar yoki shunga o‘xshash murakkab usullar bilan emas, yengil o‘yinlar shaklida o‘rgatilishi tarafdorimiz. Bola robotlar bilan do‘stlashish jarayonida uning bajarayotgan funksiyalarini kuzatadi va tahlil qilishga urinadi. Bu esa ularning algoritmik fikrlash qobiliyati rivojlanishiga xizmat qiladi.  

“Albert” va “Genibot” robotlari 6 yoshdan katta tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, birinchi bosqichda bola tayyor kodlash kartalari yordamida o‘yinchoqni harakatlanishga, ko‘zini miltiratishga, gapirishga majbur qiladi. Shu tarzda u kod bloklarining qanday ishlashini tushunib oladi. Yoshi katta bolalar robotni smartfonga ulab, o‘z buyruqlari va algoritmlarini yaratishi mumkin.  

Tahlillarga ko‘ra, robotlarga asoslangan o‘qitish dasturi Koreya respublikasida yaxshi natijalar ko‘rsatgan. U yerda hukumat ko‘magida butun mamlakat bo‘ylab minglab o‘quvchilarni qamrab olgan 140 ta sinf ochilgan. Fransiya, Ispaniya, Kosta-Rika va Perudagi maktablar  va bolalar bog‘chalarida ham shu kabi pilot dasturlari ishga tushirilgan.  

– Kelajak robototexnika va avtomatlashtirilgan sanoatga tegishli bo‘ladi,  – deydi “KIRIA” kompaniyasi prezidenti Chonil Mun.  – Biz O‘zbekistonda ushbu taraqqiyotga daxldor ekanligimizdan mamnunmiz. Koreya va O‘zbekiston nafaqat robototexnika sohasida, balki innovatsiya sohasida ham samarali hamkorlik qilishiga umid qilamiz.  

Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayevaning so‘zlariga ko‘ra, “Albert” va “Genibot” robotlari yurtimizdagi 53 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga taqsimlanadi. Joylarda o‘qitish va pilot loyihasi natijalarini monitoring qilish ishlari vazirlik huzuridagi Axborot va pedagogik texnologiyalar innovatsion markazi tomonidan olib boriladi.  

Pilot loyihasi muvaffaqiyatli yakunlansa, yanada ko‘proq bolalar bog‘chalari aqlli robotlar bilan ta’minlanadi. Shuningdek, ularning ish funksiyalari imkoniyatlari cheklangan bolalalarga mo‘ljallangan dastur bilan to‘ldiriladi.  

Mohigul Qosimova, O‘zA