1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Yaqinda ijtimoiy tarmoqda tarqalib, jiddiy muhokamaga sabab bo‘lgan bir voqea mening ham e’tiborimni tortdi. Respublikamizning chekka bir qishlog‘ida istiqomat qilaligan 12-13 yoshli bola poytaxt ko‘chalarida o‘tgan-ketgan mashinalar g‘ildiragini qoraytirib yuribdi. Otasi tashlab ketgan, ikki singlisi va onasini boqish, oilaga moddiy yordam berish uchun bolalik dunyosidan yiroqlashgan. Eng achinarlisi, kechasi borib yotadigan joyi yo‘q bu bolakay to‘g‘ri kelgan o‘rindiqda tunab qolayotgan ekan...
Aslida, uning ham tengqurlaridek beg‘ubor bolalik damlarini surish, oila bag‘rida ota-onasining erkatoyi bo‘lib ulg‘ayishga haqi bor. Afsuski, achchiq qismat, jamiyatdagilarning e’tiborsizligi, oiladagi nosog‘lom muhit o‘smirning beg‘ubor damlarini o‘g‘irlamoqda.

1 iyun ana barchamizni shunday qiyinchiliklarga duch kelgan bolalarga yordam berish, tazyiq, ho‘rlikka chidab kelayotgan murg‘aklarni himoya qilish, bir so‘z bilan aytganda bolalarning haq-huquqini ta’minlashga chaqiradigan muhim sana.
Darhaqiqat, bolalar – hayotimizning mazmuni, asosiy maqsadi va kelajagimiz. Ularni asrab-avaylash, komil inson qilib voyaga yetkazish uchun nafaqat ota-onalar, balki butun jamiyat mas’ul. Shu bois bolalarni asrash, ularning huquqi va erkinligini ta’minlash maqsadida butun dunyoda turli xil chora-tadbirlar ko‘riladi, hujjatlar qabul qilinadi – konvensiya, memorandum, deklaratsiya, kelishuvlar imzolanadi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni jamiyatdagi har bir o‘g‘il-qiz huquqini muhofaza qilish, uning farovonligi haqida qayg‘urish zarurligini eslatuvchi muhim sana. Har yili 1 iyun odamlarga yoshi, irqi, jinsi va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, bola huquqi muhimligini takror eslatadi. Qashshoqlik, zug‘um, zo‘ravonlik va bola huquqi, farovonligi tamoyili buzilishiga olib keladigan boshqa ko‘plab muammolar haqida xabardorlikni oshiradi.
Hozir xalqaro miqyosda nishonlanayotganiga 75 yil bo‘lgan ushbu kun tarixi va an’analariga to‘xtalamiz.
Eng qadimiy xalqaro bayramlardan biri hisoblangan, bolajonlar ta’tili va yozning boshlanishiiga to‘g‘ri keladigan Bolalar kunini o‘tkazish to‘g‘risida qaror 1949 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan maxsus sessiyada Xalqaro Demokratik ayollar federatsiyasi tomonidan qabul qilindi. BMT ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, bolalar huquqi, hayoti va salomatligi himoyasini faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifaida e’lon qilgan.

Mazkur sana kattalarga bolalarning yashash, fikr va e’tiqod erkinligi, ta’lim olish va hordiq chiqarish huquqini hurmat qilish, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan himoya qilish zarurligini eslatib turadi.
Xalqaro bolalar kuni uchun tasdiqlangan maxsus bayroq dizayni ramziy ma’noga ega: orqadagi yashil rang yuksalish, beg‘uborlik, farovonlikni, markazdagi Yer shari atrofidagi qizil, ko‘k, sariq, oq va qora ranglar dunyoning har qanday burchagidagi bola irqi, millatidan qat’iy nazar tengligini ifodalaydi.
50 ga yaqin davlatda 1 iyun kuni nishonlanadigan bolalar bayramini ko‘pgina mamlakatlar 20 noyabrga belgilagan.
Ma’lumki, ayrim yurtlarda bolalar mehnat kuchi sifatida ishlatiladi, qurolli mojarolarda askar sifatida foydalaniladi, ko‘chalarda yashaydi yoki nogironligi tufayli azoblanadi. Sir emas, ayni payt dunyo ko‘z o‘ngida falastinlik minglab bolalar ham uqubat chekmoqda, nobud bo‘lib, ochlikdan o‘lyapti. Bolajoni harakatsiz tanasi, sochini silagan, jonsiz go‘dagi bilan gaplashgan, ulardan uzr so‘rayotgan falastinlik onalarni ijtimoiy tarmoq orqali ko‘p ko‘ramiz. Bunday holatni kuzatish dahshat!
Farzandi, nabirasi, jiyani, qo‘ying-ki kichik bir farishtasi bor inson yaxshi tushunadi bola hayot betakror mo‘’jizasi, tuhfasi ekanini. Ularni suyib erkalaymiz, o‘g‘il-qizlarimizga eng yaxshi narsalarni ravo ko‘ramiz. Bugun G‘azodagi go‘daklar shunday mehr-e’tibordan mosuvo. Ko‘pchilik esa falastinlik go‘daklar boshiga tushgan holni shunchaki kuzatyapti. Bu odamzod chidaydigan musibat emas. Ikki davlat noroziligi va kelishmovchiligiga eng qimmat tovonni bolalar to‘layapti.
Bu zaminda ham tinchlik shamoli esib, begunoh bolajonlar qoni to‘kilishiga chek qo‘yilishi, falastinliklar ham Xalqaro bolalar kunini bayram qilib nishonlashini istardik.
Mazkur sana turli mamlakatlarda o‘ziga xos nishonlanadi. Masalan, Janubiy Koreyada 1954 yil 5 maydan buyon nishonlab kelinadi. Shu kuni ota-onalar ko‘pincha bolalariga sovg‘a beradi, vaqtini farzandlari bilan o‘tkazadi. Ularni hayvonot bog‘i, muzey, o‘yin-kulgi maskanlariga olib boradi.
Yaponiyada 1948 yildan beri 5 may Milliy bayram bolalar baxtiyorligini ko‘rsatish, onalarga minnatdorlik bildirish kuni. Eng qizig‘i, mamlakatda bolalar kuni ikki marta – 3 mart qizlar uchun, 5 may o‘g‘il bolalar uchun nishonlanadi.
GFRda ham bolalar kuni urf-odati sezilarli darajada farq qiladi. Sharqiy Germaniyada 1950 yil joriy etilgan va keyinchalik bolalar uchun har yili o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Shu kuni bolalar tabrik qabul qiladi, ota-onasidan sovg‘a oladi, maxsus sayohatga chiqadi. Masalan, dala safari uyushtiriladi.
Yurtimizda Bolalarni himoya qilish kuni keng jamoatchilik diqqati tegishli muammolarga qartiladi. Masalan, o‘g‘il-qizlar huquqi himoyasi, himoyalangan dunyoda yashash imkoniyati, baxtli bolalikka ega bo‘lishi, o‘z mamlakatining to‘la-to‘kis, xotirjam fuqarosi bo‘lib o‘sishiga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, yana bir asosiy maqsad – ulg‘ayib kelayotgan avlodni kelajakda ma’nan boy, jismonan sog‘lom, axloqan pok qilib voyaga yetkazishdir.
Bir so‘z bilan aytganda, nafaqat o‘z farzandimiz balki, jamiyatdagi har bir bolani asrab-avaylash, ularning qonuniy huquqi va manfaatini himoya qilish, zo‘ravonlik va yomon vaziyatlarga tushib qolishining oldini olishga barchamiz birdek mas’ulmiz. Zero, bolalar – ertangi kunimizning egalari, ularning begonasi yo‘q!
Go‘zal Sattorova, O‘zA muxbiri