Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, respublikamiz bojxonachilari tilla va zargarlik buyumlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishiga doir navbatdagi holatga chek qo‘ydi.
Davlat bojxona qo‘mitasining «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari havo yo‘llari orqali tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishi oldini olishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlarni muntazam davom ettirishmoqda. Jumladan, «Toshkent» xalqaro aeroporti»da «Istanbul-Toshkent» reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan yo‘lovchilardan biri bojxonadan yashil yo‘lak orqali harakatlanar ekan, uning bezovtalanishi bojxona xodimlarining diqqatini tortdi.
Shundan so‘ng unga tegishli qo‘l yuklari ko‘zdan kechirilganda, sumkasi ichida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan zargarlik buyumlari yashirilgani fosh bo‘ldi.
Faqatgina shu emas. Yo‘lovchi bolasini o‘tqazgan kolyaska cho‘ntagiga ham tilla taqinchoqlarni yashirgan ekan. Shunday qilib, ushbu shaxs bojxona nazoratiga taqdim qilmasdan turib, jami og‘irligi 1 kg. 198 gr.ni tashkil qiluvchi tilladan ishlangan zargarlik buyumlarini olib kirishga uringan vaqtda to‘xtatib qolindi. Mazkur zargarlik buyumlarining umumiy qiymati esa salkam 590 million so‘mni tashkil qilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida aniqlangan 177 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 24 mlrd. 663 mln. so‘mlik, salkam 16 kg. og‘irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan. To‘xtatib qolingan zargarlik buyumlarining miqdori esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga oshgan.
Yana bir ma’lumot, ayrim turdagi tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan me’yorlariga ko‘ra, jismoniy shaxslar respublikamizga qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlaridan – 65 gr.gacha olib kirishlari mumkin.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA