Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar adabiyotiga oid targ‘ibot ishlarini kuchaytirish – davr talabi
15:48 / 2026-02-05

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mazkur ijodiy tashkilot Bolalar adabiyoti kengashining 2025 yildagi faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo bolalar adabiyoti targ‘ibotida zamonaviy usul va vositalardan keng foydalanish g‘oyat muhimligi, bu borada ayniqsa, ijodiy tanlovlar, viktorinalar, turli ma’rifiy loyihalarni tobora ko‘proq tashkil etish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi.  

Aytish kerakki, uyushmaning Bolalar adabiyoti kengashi faoliyati natijasi o‘laroq, yozuvchi Muhabbat Yo‘ldoshevaning Xalqaro Andersen mukofotiga nomzodi qo‘yilib, bir necha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgani e’tiborga molikdir. O‘zbekiston tarixida ilk bor bunday katta mukofotga o‘zbek yozuvchisining nomzodi qo‘yilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan “O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan ijodkorlarimizning “Kitobxon bolalar” ruknida Tursunboy Adashboyev, Zafar Diyor, Qambar Ota, Hamza Imonberdiyev, Abdurahmon Akbar, Muhiddin Omon, Orif To‘xtash, Muhabbat Yo‘ldosheva, Kavsar Turdiyeva, Ravshan Ishoqov  va “Buyuklar bolaligi” turkumida Xurshid Do‘stmuhammad, Muhabbat Hamidova, Orziqul Ergash, Erpo‘lat Baxt va boshqa qator ijodkorlarimizning kitoblari nashr  etildi.  

Shu bilan birga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi tomonidan chop etilgan buyuk bobolarimiz bolaligiga bag‘ishlangan “Ildiz” nomli to‘plamdan uyushma a’zolari Sa’dulla Quronov, Gulnoz Tojiboyeva, Qobiljon Shermatovning kitoblari joy oldi.  

Bolalar adabiyotida tarjima sohasi ham o‘z o‘rnini topayotgani diqqatga sazovordir. Muhabbat Yo‘ldosheva  “Badiiy tarjima: kecha va bugun” Respublika tarjimonlar forumida “O‘zbek bolalar adabiyotini rus tiliga badiiy tarjima qilish masalalari” mavzusidagi ma’ruzasi bilan faol qatnashdi hamda dekabr oyida Gulnoz Tojiboyeva Moskva shahrida bo‘lib  o‘tgan Xalqaro adabiy forumda ishtirok etib qaytdi.  

Qolaversa, Muhabbat Yo‘ldosheva Rossiyaning Novosibirsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Dialog s knigoy” (“Kitob bilan muloqot”) nomli Osiyo  xalqaro ilmiy-madaniy forumida “Xudojestvennыy perevod kak instrument  mejkulturnoy kommunikatsii i integratsii” (“Badiiy tarjima madaniyatlararo kommunikatsiya va intergratsiya quroli sifatida”) nomli ma’ruza bilan ishtirok etdi. Adibaning “Velikaya Molochnaya reka”, “Priklyucheniya malenkoy Tыkovki”,  Gulnozxonning “Novыy dom muravev” ertaklari Muhabbat Yo‘ldosheva tarjimasida  Turkmanistonning “Kitapcy” onlayn  kutubxonasida nashr qilindi.  

Kengash a’zolari, bolalar adabiyoti ijodkorlari yurtimizda o‘tkazilayotgan turli tadbir va uchrashuvlarda doim faol ishtirok etib kelayotgani o‘z navbatida, yoshlarni adabiyotga, kitobga yanada yaqinlashtirmoqda. 2025 yil mobaynida bog‘cha, maktab, oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazilgan qator tadbir, ijodiy kechalarda yozuvchi Muhabbat Yo‘ldosheva hamda Gulnoz Tojiboyeva mualliflik kitoblaridan  umumiy hisobda  500 dan ortig‘ini kutubxona va faol o‘quvchilar, talabalarga sovg‘a qildi. Bu ham o‘z navbatida kitobxonlik targ‘ibotining  o‘ziga xos ko‘rinishidir.  

Yil davomida mamlakatimizning bolalar shoir va yozuvchilari qator gazeta va jurnallarda  ertak, hikoya va she’rlari, ilmiy, tahliliy maqolalari  chop etildi. 2025 yil davomida barcha ijodkorlar avvalgi yillarga nisbatan samarali ijod qilib, adabiy targ‘ibot ishlarida faol qatnashdi.  

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida bolalar yo‘nalishida bir necha kitoblar nashr etildi.  

Tursunboy Adashboyev hamda O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning “Tanlangan asarlar”i, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Yomg‘iri mo‘l bulutlar”, O‘ta Berdiyorning “Shahardan xat”, Hamza Imonberdiyevning “Bilag‘on” she’riy to‘plamlari, Abdulla Ayizovning “Katta bo‘lsam ko‘rasiz” nomli hikoya to‘plamlari chop etildi.

Ijod maktablari o‘quvchilarining kitoblarini nashr etishga ham e’tibor qaratildi. Jumladan,  “Mening birinchi kitobim” loyihasida Ominaxon Botirovaning “Nur vodiysi” nomli hikoyalar to‘plami, Sarvinoz Latipovaning “Iz”,  Dilobar Abdufattohovaning “Ta’tildagi telefon”, Mohinur Baxtiyorovaning “Baxtga maktub” she’riy to‘plamlari chop etildi.  

“Birinchi kitobim” loyihasida  Nozima Turdiyevaning “Xo‘rozqand” nomli she’riy to‘plami, Iskandar Nizomovning “Qasos” ssenariylar to‘plami, Samandar Konishevning “Baliqlar ham yig‘laydi” nomli pesalar to‘plami, Gulchiroy Ibrohimovaning “Besh bilan urishgan bola” nomli ertaklar to‘plami, Quvondiq Biysenbayevning “Kitoblar qo‘zg‘oloni” nomli qissa va hikoyalar to‘plami nashr etildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Bolalar adabiyoti kengashining  2026 yilgi rejalari, kitob targ‘ibotiga oid amaliy ishlar xususida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.  

Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari