Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolalar adabiyoti sodda, zavqli, topilmalarga boy bo‘lishi kerak
15:31 / 2022-01-28

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashining 2021 yil faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.

Hisobot yig‘ilishini uyushma raisining o‘rinbosari  G‘ayrat  Majid ochib berdi. Uyushmaning Bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashi raisi Orif To‘xtash, bolalar shoiri Ne’mat Dushayev 2021 yilda chop qilingan she’riy asarlari xususida batafsil ma’lumot berdi. Yosh ijodkor Dilnavoz Najimova 2021 yilda bolalar nashrlarida e’lon qilingan nasriy asarlar bo‘yicha tahliliy axborot berdi.

Yig‘ilishda kengashning 2021 yildagi faoliyati atroflicha tahlil etildi. Unda o‘tgan davr mobaynida bir qancha ijodkorlar, jumladan bolalar shoirlari Orif To‘xtash, Zulfiya Mo‘minova, Dilshod Rajab, bolalar yozuvchilari Muhabbat Yo‘ldosheva, Kavsar Turdiyeva, Gulnoz Tojiboyeva va Xurshid Tojiboyev, shoira Sharifa Salimova, “Gulxan” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari Muhabbat Hamidova, shoir Zikrilla Ne’mat hamda boshqa ko‘plab ijodkorlarning bolalarga atalgan qator kitoblari, maqola, she’r, ertak va tarjimalari chop etilgani ta’kidlandi.

2021 yilda kengash a’zolarining bolalar dunyosiga oid nashr etilgan kitoblari, povest  va hikoyalarining mazmun-mohiyati haqida aytib o‘tildi. Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra,  o‘tgan yil davomida  Orif To‘xtashning “Baxtiyor bolalik” bolalar uchun she’riy to‘plami, Muhabbat Yo‘ldoshevaning “Sayyohatchi pingvincha”, “Ertakchi sichqon”, “Erkatoy qovun”, “O‘rdakchalarning siri”, “Arazlagan qish”, Gulnoz Tojiboyevaning “Epchil zag‘izg‘on”, “Mehmondo‘st olmaxon”, Xurshid Tojiboyevning “Mergan toshbaqa”, “Sayohatchi kemacha” nomli ertaklar to‘plami, Kavsar Turdiyevaning “Gulxan” jurnalida “Yaxshilikni o‘z vaqtida qil”, “G‘uncha” jurnalida “G‘aroyib izlar” hikoyalari yaratilgani qayd etildi.

AQSH, Pokiston, Belgiya kabi xalqaro nashrlarda xususan, “International Writers Journal”da Muhabbat Yo‘ldoshevaning “Ertakchi sichqon”, “Binafsha”, Gulnoz Tojiboyevaning “Chumolilarning yangi uyi”, Angliyadagi “DASH” adabiy jurnalida Xurshid Tojiboyevning “Daraxt va poyezd”, “Ranglarning janjali”, Gulnoz Tojiboyevaning “Chumolilarning yangi uyi”, “SINDH COURIER” Pokiston adabiy jurnalida Xurshid Tojiboyevning  “Bug‘u va she’r”, “Daraxt va poyezd”, Gulnoz Tojiboyevaning “Chumolilarning yangi uyi”, “ATUNIS GALAXY POETRY” Belgiya adabiy jurnalida Muhabbat Yo‘ldoshevaning “Ertakchi sichqon”, “Binafsha”, Gulnoz Tojiboyevaning “Epchil zag‘izg‘on”, “Mehmondo‘st olmaxon”, Xurshid Tojiboyevning “Bug‘u va she’r”, “Daraxt va poyezd”, “Ranglarning janjali”, “Kemacha”, “Dangasa soat”, “Fil va sichqon”, “Bodring” kabi ertaklari nashr etildi.

Rossiya, Ukraina va boshqa davlatlarning nashrlarida ham qator chiqishlar bo‘ldi. Shuningdek, hisobot yig‘ilishida 2021 yildagi kamchiliklar muhokama etildi. Bolalar uchun yaratilgan asarlar codda, ravon, zavqli, topilmalarga boy bo‘lmog‘i kerakligiga alohida e’tibor qaratildi.

Kengashning 2022 yildagi ijodiy rejalari, vazifalari belgilab olindi. Xususan, Bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashi faoliyatini yanada jonlantirish, bolalar adabiyoti yo‘nalishida o‘tkazilayotgan tanlovlarda ijodkorlar faolligini oshirish, qolaversa, ustoz shoir va adiblar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Bolalar nashrlari bo‘yicha hamkorlikni tobora kengaytirish muhimligi ta’kidlanib,  tegishli xulosalar chiqarildi.

N.Usmonova,O‘zA