Ayni kunlarda o‘quvchilarning yozgi ta’tili nihoyasiga yetib bormoqda. Aytish joizki, mamlakatimizdagi mavjud bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olish mavsumi belgilangan rejaga asosan muvaffaqiyatli yakunlandi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi huzuridagi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamentining Namangan viloyati boshqarmasiga qarashli yettita oromgohda joriy yilda jami besh mavsumda maktab yoshidagi 5 ming 720 nafar o‘g‘il-qiz maroqli hordiq chiqardi. Barcha oromgohlarda mavsumning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi va o‘g‘il-qizlar o‘z oilasi bag‘riga tetik va bardam holda qaytdi.
Ayniqsa, Chust tumanidagi “Mehrjon” va “Obi hayot”, Norin tumanidagi “Norin”, Pop tumanidagi “Binafsha”, Kosonsoy tumanidagi “Sohil”, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Nanay” va “Zarkent” bolalar oromgohlarida har mavsumda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bolalarning salomatligi, xavfsizligi yuzasidan barcha zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilgan holda ish olib borildi.
– Mavsum davomida hech qanday ko‘ngilsiz, noxush holatlar kuzatilmadi, – deydi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhammadzokir Mamatxonov. – Oromgohlarda 12 kunlik dastur asosida turli xil quvnoq o‘yinlar, uchrashuvlar, ko‘ngilochar dasturlari, oromgohga yaqin manzilga sayohatlar tashkil etildi.
Oromgohlarda ishlovchi tarbiyachi va murabbiylarga ham alohida e’tibor qaratilib, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tavsiyasi asosida mavsumiy pedagog kadrlarning tajribali bilimdonlari tanlab olindi. Malakali ustoz muallimlar tomonidan dam olish maskanlarida bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida ingliz, rus tili bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari ham tashkil etildi. Shoirlar va yozuvchilar bilan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari uyushtirildi.
Bundan tashqari, har bir oromgohda kunlik tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, madaniy tadbirlar, konsert dasturlari, “Zakovat”, “Quvnoq startlar” sog‘lomlashtirish o‘yinlari, “Men sevgan ertak qahramoni” rasmlar tanlovi, “Bilimdon tadqiqotchilar”, “Ertaklar yaxshilikka yetaklar!” shiori ostida eng yaxshi ertak qahramonlarini badiiy sahnalashtirish kabi ko‘ngilochar kechalar o‘tkazildi.
Oromgohlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga ham alohida e’tibor qaratilib, “Ayollar daftari”da turuvchi oilalarning 42 nafar farzandi hamda bir nafar oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchisi “Norin” oromgohida dam oldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.