Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2025 yilgi bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumi 3 iyundan boshlandi.
Bugungi kun holatiga jami 11 ta statsionar oromgohga 1 ming 397 nafar bola qabul qilindi. Bundan tashqari, shahar va tumanlarda tashkillashtirilgan 69 ta kunduzgi oromgohda 3 ming 350 nafar bola qamrab olingan.
[gallery-23918]
Prezidentimizning 2025 yil 15 may kuni maktab ta’limi tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yozgi ta’til davrida umumta’lim maktablari o‘quvchi-yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlarini tashkil etish yuzasidan vazifalar belgilab berilgan edi. Joriy yilgi mavsumda ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, kasaba uyushmalari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar farzandlari jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali imtiyozli yo‘llanmalar bilan ta’minlanmoqda.
Barcha bolalar oromgohlarga kirishdan oldin birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, guruhlarga bo‘lindi. Oromgohlar va ularning atrofida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Ichki ishlar organlari xodimlari hamda bolalar salomatligini ta’minlash va nazorat qilish maqsadida tibbiyot xodimlarining doimiy navbatchiligi yo‘lga qo‘yildi. Departament qoshida mavsum davomida ishlaydigan respublika va hududiy shtablar tashkil etilib, bolalarning oromgohlarga qabul qilinishi, mavsumning borishi to‘g‘risida kunlik tezkor ma’lumotlar yuritilmoqda hamda tegishli vazirliklar shtablariga va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga taqdim etilmoqda.
– Birinchi mavsumda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab barcha shahar, tumanlardan, ayni paytda eng chekka qishloqlardan 270 nafar bola qabul qilindi. Xususan, Nukus shahri, Nukus, Kegeyli, Mo‘ynoq, Chimboy, Shumanay, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Xo‘jayli tumanlaridan bolajonlar kelib dam olmoqda. Belgilangan reja asosida bolalar o‘rtasida har xil musobaqalar, sport o‘yinlari, tanlovlar o‘tkazilmoqda. Xususan, “Ona tabiatni asraylik” rasm chizish musobaqasi, “Chevar qo‘llar”, “Zakovat”, “Ertaklar eliga sayohat”, “Talant shou”, "O‘zbekiston - umumiy uyimiz” kabi tanlovlar o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, dam olish maskanida “Qum”, “Lego”, “Kubik-rubik”, “Karaoke”, “Xorijiy tillar”, “Media” klublari tashkil etilgan. Bolalar ushbu klublarda tarbiyachi, yetakchilar bilan birga bilimlarini oshirib, do‘stlari bilan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishmoqda. Bundan tashqari, turli soha vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda, – deydi Mo‘ynoq tumanidagi “Oq kema” bolalar dam olish oromgohi direktori Zerxon Saytbekova.
Ta’kidlash joizki, joriy yilgi mavsumda jami 80 ta oromgoh (11 ta statsionar va 69 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari) faoliyat ko‘rsatib, ularda 23 ming 890 nafardan ziyod bola dam olishi rejalashtirilgan. Shundan 7 ming 140 nafar bola statsionar oromgohlarda, 16 ming 750 nafar bola esa kunduzgi oromgohlarga jalb etilishi belgilangan.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘z