Navro‘z uyg‘onish va yasharish bayrami, shu bilan birga u azaldan tinchlik, bag‘rikenglik, saxovat va mehr-muruvvat bayrami sifatida ham keng nishonlangan.
Ushbu bayram arafasida qo‘ni-qo‘shni va muhtojlarga ehsonlar berilgan. Mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘ bir-biridan, bemorlarning holidan xabar olgan.

Yaratgandan qut-baraka tilab momolarimiz, kelinlar-u, qizlarimiz sumalak, ota-bobolarimiz esa halim pishirib, yurtga tinchlik-omonlik tilab, yaratgandan rizq-ro‘z so‘rab, duo qilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bu ayyomda xalqimizning ezgu va go‘zal qadriyatlari o‘z ifodasini topgan.

Ana shu bayram munosabati bilan Xorazm viloyati Urganch tumanidagi “Versal” to‘yxonasida tuman hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat bo‘limi va boshqa hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan kam ta’minlangan va “Temir daftar” ro‘yxatiga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning o‘n olti nafar farzandining sunnat to‘yi o‘tkazildi.

Xayriya sunnat to‘yida mas’ullar, nuroniylar, to‘y bolalarning yaqinlari ishtirok etib, jajji va beg‘ubor bolajonlarni qo‘shaloq to‘y, Navro‘z va sunnat to‘yi bilan muborakbod etib, ular haqlariga duo qildi.
So‘ng jajji bolajonlar va ularning ota-onalariga to‘yona va sovg‘alar berildi. Bu to‘y jajji o‘g‘lonlar xotirasida yaxshilik, mehr-saxovat ramzi sifatida bir umrga muhrlanib qoladigan bo‘ldi.

O‘zA