Buxoro viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan tizimda amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari, barcha bo‘lim boshliqlari, qator soha mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Anjumanda viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Farhod Latipov kun tartibidagi masala yuzasidan ma’ruza qildi.
Ta’kidlashicha, viloyatda jami 1 ming 290 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat olib bormoqda. Shundan 439 tasi davlat, 851 tasi nodavlat (26 tasi xususiy, 756 oilaviy va 69 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosida) maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir.

Viloyat bo‘yicha 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 148 ming 514 nafar, shundan 73 ming 41 nafari yoki 49,2 foizi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan. Qamrov 2017 yilga nisbatan qariyb 19,4 foizga oshgan.
Joriy yil yakuniga qadar, viloyatda maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish ko‘rsatkichi 49,2 foizdan 61 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Qorako‘l tumanining chekka hududlarida esa “Aqlvoy” dasturi doirasida ISUZU avtobusida mobil guruh tashkil etilgan. Unda 144 nafar bolalar qamrab olingan.
Viloyatdagi 6 yoshli jami 8 ming 40 nafar bolalar 268 ta majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhlariga qamrab olingan.

Shuningdek, davlat-xususiy sherikchilik tizimini yanada takomillashtirish uchun tizimda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini tuzish istagini bildirgan jami 162 ta tashabbuskorlar tomonidan arizalar topshirilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning 103 nafari bilan loyiha bitimi imzolangan. 80 ta bitim loyiha tashabbuskorlariga jami 147,7 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan. Shundan jami 69 ta davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini boshlagan. Unda 3 ming 97 nafar bolalar qamrab olingan. 4 nafar tashabbuskorning o‘z xohishiga asosan ular bilan tuzilishi rejalashtirilgan shartnoma bitimlari bekor qilingan.
Viloyat bo‘yicha jami bitim imzolash istagini bildirgan tadbirkorlar 55 nafar bo‘lib, jami loyihalar quvvati 6 ming 700 o‘ringa mo‘ljallangan. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun jami 130,7 milliard so‘m talab etiladi.
Qolaversa, 756 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yuritmoqda. Ularga jami 11 ming 292 nafar maktabgacha yoshdagi bolalar tarbiyalanmoqda.
2020 yilda viloyatda jami Investitsiya dasturi doirasida 24 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida hamda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 6 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Unga jami 94,1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

2019 yilda “Obod mahalla”, “Obod qishloq”, “Obod markaz” dasturlari orqali jami 34 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi.
bugungi kunda viloyatda jami 7 ming 956 nafar pedagoglar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 2 ming 701 nafari oliy ma’lumotlidir.
Hududlardagi maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlarini malakasini oshirish uchun “Maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagogining kasbiy standarti” mavzusida o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan to‘liq javob oldi.
Zarif KOMILOV, O‘zA