Navoiy shahrida oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan bolalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun “Prezident archasi” bayram tadbiri tashkil etildi.
Bu yilgi bayram tantanasi an’anaga ko‘ra har yili o‘tkazilib kelinayotgan bayram dasturidan tubdan farq qildi.
Dastlab bolajonlar uchun “Farhod” madaniyat saroyida “Yangi yil ertagi” tomoshasi namoyish etildi.
– Kelayotgan yil barchaga barakali, omadli yil bo‘lsin. Bayram esda qolarli bo‘lmoqda. Ayniqsa, ertak qahramonlari bilan bo‘lib o‘tgan tomoshalar menga juda yoqdi. Turli sho‘x qo‘shiqlarga raqslarga tushdik. Hamma orzulariga yetishishini, niyatlari amalga oshishini istayman – deydi Jasmina Po‘latova.
[gallery-26921]
Bayram ertagidan so‘ng bolajonlar “Imperial” tantanalar maskanida tashkil etilgan bayram dasturxoniga taklif etildi.
Bu yerda viloyat hokimi Normat Tursunov bezatilgan Yangi yil archasi atrofida bolajonlarni bayram bilan samimiy tabriklab, davlatimiz tomonidan ularning har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib tarbiyalanishlari uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilayotganini alohida ta’kidladi.
Bu yil viloyatdagi 294 nafar 2-18 yoshgacha bo‘lgan bolajonlarga Prezident sovg‘alari hamda maxsus maktab internatlarining 700 nafar tarbiyalanuvchilari uchun bayram dasturi va sovg‘alari tayyorlandi. Shuningdek, viloyatdagi 310 ta mahallalarda kambag‘al va og‘ir sharoitda yashayotgan oilalar farzandlari holidan xabar olinib, ularga ham bayram sovg‘alari yetkazib berilmoqda.
Viloyat hokimi, tashkilot va korxonalar rahbarlari, nuroniylar Qorbobo va qorqiz, turli ertak qahramonlari ishtirokida davlatimiz rahbarining bolalarga yo‘llangan Yangi yil bayrami tabrigi, shirinliklar, o‘quv qurollaridan iborat sovg‘alarini tantanali tarzda o‘z egalariga topshirdi.
Tadbir davomida bolajonlar qorbobo va qorqiz hamda ertak qahramonlari bilan sho‘x kuy-qo‘shiqlarga raqsga tushdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari