Buxoro tumani “Shergiron” mahalla fuqarolar yig‘inida davlat xususiy sherikligi asosida “Al Buxoriy izdoshlari” nomli 90 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Mazkur tashkilotning loyiha qiymati uch milliard so‘m bo‘lib, shundan ikki milliard so‘mi imtiyozli kredit mablag‘lari asosida barpo qilindi. Tashkil etilgan tantanali tadbirda tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, ota-onalar, bolalar bog‘chasi xodimlari hozir bo‘ldi. Bunda bolajonlar uchun mashg‘ulot xonalari, sport va o‘yin maydonchalari, oshxona, yotoqxona, sanitariya tarmog‘i shay qilingani barchaga manzur bo‘ldi. Bolajonlar ta’lim-tarbiyasi uchun muassasada o‘ndan ortiq tarbiyachi-xodim mas’ul qilib biriktirilgan.

Ayni kunda tumanda faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim tashkiloti 131 taga yetkazilib, jami 10 ming nafardan ortiq jajji o‘g‘il-qiz maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olingan.


Hozirda, maktabgacha ta’lim maskanlarining 34 tasi davlat, 3 tasi nodavlat, 20 tasi davlat xususiy sherikligidagi hamda 74 tasi oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotidir. Tumanda 3-7 yoshdagi bolalar soni 13 ming 446 nafarni tashkil etadi. Bugunga kelib tumandagi bog‘cha yoshidagi bolalarning maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrov darajasi 77,6 foizni tashkil etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.