Andijon shahrida “Yangi O‘zbekistonning baxtli bolalari” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni oldidan Andijon shahar hokimligi, oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan bayram tadbirida shahardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari, shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar ishtirok etdi. Bayram tadbirida yurtimizda bolajonlarning baxtli yashashlari, ularning porloq kelajagi uchun zarur barcha ishlar amalga oshirilishi alohida ta’kidlandi.
– Bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalari, – deydi Andijon shahar hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Mirzalimova. – Ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir rahbar, har bir oila, har bir ota-onaning muqaddas burchi ekanligini aslo unutmasligimiz kerak.
Bolajonlar onalari hamrohligida maxsus avtobuslarda shahar bo‘ylab sayohatda bo‘ldi. Ularga viloyat Qo‘g‘irchoq teatri jamoasi tomonidan turli ertaklar qahramonlari ishtirokidagi teatrlashtirilgan bayram tomoshasi namoyish etildi.
Yakunda bolajonlarga sovg‘a-salomlar, shirinliklar ulashildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA