Andijon viloyatida joriy yilning 10 fevralidan 10 martiga qadar viloyatda “Yo‘l harakati madaniyatini oshirish oyligi” o‘tkazilmoqda.
- Oylik doirasida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, piyodalar xavfsizligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarning yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha bilim va tushunchalarini yuksaltirishga, madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib boriladi, - deydi Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Matbuot xizmati boshlig‘i, kapitan Diyorbek Abdurazzoqov. – Ayni kunlarda oylik doirasidagi ishlar, targ‘ibot tadbirlari belgilangan reja asosida tashkil etilmoqda.

Oylik doirasida Paxtaobod tumanida umumta’lim maktablari jamoalari o‘rtasida “Yashil chiroq” musobaqasining maktablararo bosqichi o‘tkazildi. Musobaqada ishtirok etgan jamoalar yo‘l harakati qoidalari, piyodalar harakat xavfsizligi, ushbu jarayonda o‘quvchi yoshlarning ishtiroki borasidagi bilim va mahoratini namoyish etdi.
G‘olib jamoalar Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Targ‘ibot-tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi shaxsiy tarkibi xodimlari viloyatdagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga biriktirildi. Mazkur muassasalarda o‘quvchilar bilan uchrashuv, suhbat va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bolalar hamda o‘quvchilarning yo‘l harakati xavfsizligi borasidagi bilim va tushunchalari boyitilmoqda.
Jumladan, viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Yo‘l harakati intizomi bolalikdan boshlanadi” shiori ostida o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarida muassasalarda tarbiyalanayotgan yuqori yosh guruhi tarbiyalanuvchilari ishtirok etmoqda.
Targ‘ibot tadbirlarida bolajonlarga yo‘l qoidalari qiziqarli tasvirlar ko‘rinishida, turli o‘yinlar hamda amaliy mashg‘ulotlar orqali tushuntirib berilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA