Buxoro viloyati Peshku tumanining “O‘g‘lon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 35-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Mazkur ikki qavatli, 120 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy bino barcha qulayliklarga ega bo‘lib, bolajonlar uchun quvonch va bilim maskani bo‘lib xizmat qiladi.

Inshootni foydalanishga topshirish tadbirida tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, ota-onalar hozir bo‘ldi. So‘zga chiqqanlar maskan qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan binokorlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildi. Shundan so‘ng, bino ramziy alvon lentasi qirqilib, ishtirokchilar bolalar bog‘chasida jajji avlod vakillari uchun yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar bilan tanishdi.

Tadbir so‘ngida nuroniylar, bog‘cha jamoasi va ota-onalar birgalikda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi hududida manzarali daraxt nihollarini o‘tqazdi.

Umuman, ayni kunda tuman maktabgacha ta’lim tizimida 1 ming 400 dan oshiq ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning 518 nafari malakali tarbiyachi, 73 nafari oliy ma’lumotli pedagoglardir. Tumanda 130 mingga yaqinlashgan aholi istiqomat qiladi. Maktabgacha yoshdagi, ya’ni 3-7 yoshli bolalar soni qariyb 11 ming nafar bo‘lsa, chekka tumanda ham jajji farzandlarni murg‘ak yoshidan savodini chiqarish, umumta’lim maktabiga tayyorlashga bo‘lgan e’tibor kuchaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.