Har yili Yangi yil bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan “Prezident archasi” tadbiri bolajonlar uchun beg‘ubor orzu-umidlar shodiyonasiga aylanadi. Ushbu tantanalar davomida Prezident sovg‘alari topshirilishi esa kichkintoylarga olam olam quvonch bag‘ishlaydi.
Buxoroda o‘tkazilgan “Prezident archasi” tadbirida hududdagi 257 nafar oilaviy bolalar uylarining tarbiyalanuvchilari, mahallalarda yashovchi chin yetimlar, vasiylik va homiylikka olingan bolalar, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan huquq-tartibot idoralari xodimlarining farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan o‘g‘il-qizlar taklif etildi.

Yurtboshimizning kelajagimiz egalariga ko‘rsatayotgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rliklari hamda yurtimizdagi bolajonlikning yorqin ifodasini o‘zida namoyon etgan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov qatnashdi. Bolajonlarni Yangi yil bilan tabrikladi. O‘qishlariga omad tilar ekan, ularni yangi va yuksak marralarni zabt etishga undadi.

Viloyat hokimi ertamiz egalari bo‘lmish bolajonlarni Yangi yil bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Ularga “Prezident sovg‘alari”ni topshirdi. O‘quv qurollari va shirinliklardan iborat tuhfadan o‘g‘il-qizlarning ko‘ngli shod bo‘ldi. Tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yo‘llangan Yangi yil bayrami tabrigi, 14 turdagi shirinliklar, 3 turdagi o‘quv qurollari, elektron kitob, termos va shaxmat jihozlari kiritilgan bu sovg‘alar bolajonlarga bir olam quvonch ulashdi.
“Prezident archasi” o‘rnatilgan katta sahnada madaniy bayram tadbiri boshlandi. Qorbobo va qorqiz ishtirokida viloyat teatri ijodiy jamoasining mehr-oqibat, ezgulikning yovuzlik ustidan hamisha g‘olib chiqishi, inson farzandi doimo yaxshilik va xayrli ishlarga intilib yashashi haqida hikoya qiluvchi ertak-spektakli namoyish qilindi. Bayramona bezatilgan archa atrofidagi sho‘x qo‘shiq, tarona va raqslar, bolajonlarga shodlik va hayajon, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

“Prezident archasi” tadbiri doirasida Buxoro “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyida ham bayram tadbirlari tashkil etildi. Unda viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi sektorlar rahbarlari, tashkilot va boshqarma boshliqlari ishtirok etdi. Tantanada so‘z olgan viloyat rahbari yurtimizda nogironligi bo‘lgan bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his etishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidlab, muassasada tarbiyalanayotgan 216 nafar o‘g‘il-qizlarga “Prezident sovg‘alari” topshirildi.

Nafaqat viloyat markazi, balki har bir shahar va tumanlarda yangi yil bayrami munosabati bilan tashkil etilgan “Prezident archasi” tantanalari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlarini keng qamrab olgani holda zo‘r uyushqoqlik bilan, yuqori darajada bo‘lib o‘tmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA