Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolajonlar miriqib hordiq chiqarmoqda
10:14 / 2023-01-03

Andijon viloyati qo‘g‘irchoq teatri jamoasi tomonidan yangi yil bayrami kunlari bolajonlar uchun “Buratinoning yangi yil sargzashtlari” deb nomlangan teatrlashtirilgan bayram tomoshalari namoyish etilmoqda.

Qish beg‘ubor va orzu-umidlar faslidir. Ana shunday pok his-tuyg‘ular har bir qalbni shubhasiz, shirin va totli lahzalarga oshno etadi. Ushbu faslning ko‘rkli bayrami – Yangi yil esa bolalarga olam-olam quvonch, kattalarga yoshlik sururini bag‘ishlaydi.

Yangi yil bayrami kunlarida viloyat bolalar qo‘g‘irchoq teatrida ham jo‘shqin va bayramona hayot kechmoqda. Teatr jamoasi yangi yil bayramiga ko‘tarinkilik baxsh etish, bolajonlarning ta’til kunlarini maroqli o‘tishini ta’minlash maqsadida o‘ziga xos bayram tuhfasini tayyorlagan.

– Ijodiy jamoamiz Yangi yil bayrami munosabati, qolaversa, umumta’lim maktablari kichik yoshdagi o‘quvchilarining qishki ta’tilini maroqli o‘tkazishlarini ta’minlash maqsadida ijodkor Ravshan Hamroz ssenariysi asosida sahnalashtirilgan “Buratinoning yangi yil sargzashtlari” bayram tomoshasini namoyish etmoqda, – deydi teatrning oliy toifali aktrisasi Nigoraxon Kazakova. – Maqsadimiz, tomoshalar orqali bolajonlarga quvonch, bayramona kayfiyat, ularning qalbiga ezgulik ulashishdir.  

Yangi yil bayrami tomoshalari bolajonlarni sehrli va  mo‘’jizaviy ertaklar olamiga olib kiradi. Turli ertak qahramonlari timsolida yaxshilik va ezgulik hamisha  yovuzlik ustidan g‘olib bo‘lishi, quvnoq masxarabozlarning qiziqarli chiqishlari bolajonlarga olam-olam quvonch bag‘ishlamoqda.  

– “Buratinoning yangi yil sargzashtlari” bayram tomoshasi juda qiziqarli ekan, do‘stlarim bilan mazza qilib ko‘rdik, – deydi Andijon shahridagi 11- umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muhammadjon Tojimatov. – O‘zimni xuddi Buratino bilan birga sarguzashtlar olamida yurganday his etdim. Bayram tomoshalari men qatori barcha tengdoshlarimda unutilmas tassurotlar qoldirdi.  

Bolajonlarning yuz-qo‘zlaridagi quvonch, bayramona kayfiyatni ko‘rib, beixtiyor ularga havasingiz, quvonchlariga sherik bo‘lgingiz keladi.  

Andijon viloyati qo‘g‘irchoq teatri jamoasining Yangi yil bayrami tomoshalarida Buratino, turli ertak va multfilmlar qahramonlari orqali rostgo‘ylik, halollik va hamisha ezgulikka intilib yashashdek insoniy fazilatlar ulug‘lanadi.  

Viloyat qo‘g‘irchoq teatrining bayram tomoshalari yana bir necha kun davom etadi.  

 

F.  UBAYDULLAEV,

Z.  UMRZOQOV (surat),

O‘zA