“Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati boshqaruvi va uning Xonqa tuman bo‘limi tomonidan 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan xayriya tadbiri tashkil etildi.
“Barkamollik”, “Mangulik”, “Yosh-kuch”, “Istiqlol” va “Do‘rman” mahallalarida o‘tkazilgan bayram tadbirlarida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalar, ularning farzandlari holidan xabar olindi.
Qolaversa, nogironligi bo‘lgan yoki bemorligi sabab bayram tadbirlarida ishtirok eta olmaydigan murg‘ak qalb egalariga bayram sovg‘alari tuhfa etildi. Bu bolalarga bir olam quvonch, shodlik ulashdi.
– Bayram tadbirlari viloyatning boshqa hududlarida ham davom etmoqda, – deydi "Mahalla" xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi Jahongir Rajabov. – Imkoniyati cheklangan, kam ta’minlangan oilalar farzandlari holidan xabar olinib, ularga moddiy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Ertamiz egalari bo‘lmish bolajonlarimizni jismonan sog‘lom, aqlan teran, yetuk, mehr-oqibatli qilib tarbiyalashda bu kabi xayriya tadbirlari ahamiyatlidir.
O‘zA