Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘lajak sudyalarga magistrlik diplomlari topshirildi
11:24 / 2023-08-07

Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining 2022-2023 o‘quv yilida sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilariga magistr diplomini topshirish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Konstitutsiyaviy sud raisi M.Abdusalomov, Sudyalar assotsiatsiyasi raisi U.Mingboyev, Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari R.Mahmudova hamda Sudyalar oliy kengashi sudyalari, Sudyalar oliy maktabining professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.  

2022-2023 o‘quv yilini jami – 138 nafar tinglovchi (jinoyat huquqi ixtisosligi bo‘yicha 45, fuqarolik huquqi ixtisosligi bo‘yicha 47, iqtisodiy huquq ixtisoslik bo‘yicha 23 va ma’muriy huquq ixtisoslik bo‘yicha 23 nafar tinglovchi) muvaffaqiyatli yakunladi.  

O‘quv yili davomida odil sudlovning dolzarb masalalarini tadqiq qilish maqsadida 50 ga yaqin xalqaro va 10 dan ortiq respublika miqyosidagi turli tadbirlar o‘tkazildi.  

Darslarning sifatini yanada yaxshilash maqsadida Oliy maktabning 30 ga yaqin xodimi xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarida bilim va ko‘nikmalarini oshirgan holda tajriba almashib kelishdi.  

[gallery-13033]

Ta’lim jarayoniga bevosita yuqori malakali sudyalar, huquqshunos olimlar, soha mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar jalb qilinmoqda.  

Tajriba almashish maqsadida xorijiy davlatlarning sudyalarni tayyorlash bo‘yicha maxsus ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalar mustahkam o‘rnatilgan.  

Misol uchun, xorij  davlatlardagi Sudyalar oliy kengashlari huzuridagi ta’lim muassasalari, xususan, Ispaniya Sudyalar oliy maktabi, Bolgariya Sudyalar milliy instituti, Ruminiya Milliy magistratura instituti, shu bilan birga mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Fransiya Milliy magistratura maktabi, Italiya Odil sudlov maktabi hamda Kanada Milliy sudyalar instituti bilan hamkorlikda muntazam tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.  

Sudyalar oliy maktabida inson huquqlari oid normalar hamda xalqaro huquq normalarining qo‘llanilishi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari shakllantirilgan.  

Tadbirda mazkur ta’lim va ilmiy tadqiqot dargohining bitiruvchilariga kelajakda jamiyatda adolat o‘rnatilishiga amaliy hissa qo‘shishlariga tilak bildirildi.  

                 

N.Abduraimova, O‘zA