Surxondaryo viloyat sudida Termiz davlat universiteti yuridik fakultetining “Bo‘lajak sud xodimlari” klubi a’zolari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Bo‘lg‘usi adolat posbonlari sudlar faoliyati, jamoatchilikka sud interaktiv xizmatlari va korrupsiyaga qarshi kurashishda sudlarning roli haqida yetarli tasavvurga ega bo‘ldi. Talabalarga viloyat sudi sudyalari va mas’ul xodimlari sud tizimining tuzilishi, sudlov faoliyatining asosiy tamoyillari, odil sudlovni amalga oshirish jarayonlari, sudyalarning maqomi va mas’uliyati, fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy etilgan sud interaktiv xizmatlari, ulardan foydalanish tartibi hamda sud majlislarida masofadan turib qatnashish imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Sohaga sun’iy intellektni joriy etishning afzalliklari xususida fikr almashdi.


Talabalar sud zallari, devonxona, arxiv va boshqa xizmat xonalari bilan tanishib, sud ishlarining amalda qanday tashkil etilishiga guvoh bo‘ldi. Bevosita ochiq sud majlislarida ishtirok etib, sud jarayonidagi protsessual harakatlarni kuzatdi.


Nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash uchun kasbiy rivojlanish yo‘lida o‘ziga xos tajriba maktabi vazifasini bajargan “Ochiq eshiklar kuni”da talabalar sud organlarida xizmat qilishda o‘z ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri